Bosh sahifa
16.05.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 16-may kuni Oqsaroyda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Yozef Blatterni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda Yozef Blatterni o‘z hayotini jahon va milliy futbolni rivojlantirishga bag‘ishlagan taniqli jamoat arbobi sifatida bilishlarini ta’kidladi. Bu – FIFA rahbarining O‘zbekistonga uchinchi tashrifi. Mazkur tashrif o‘zbek futbolining 100-yilligi nishonlanayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish istiqbollari, mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan samarali hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. “Gol”, “Gol-2” va “Gol-3” loyihalarining amalga oshirilgani shunday hamkorlikning natijalaridandir. Ushbu loyihalarga muvofiq Toshkent shahrida sun’iy qoplamali futbol maydoni va mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoalarining o‘quv-mashq bazasi qurildi, Samarqand shahrida esa mini-futbol uchun yopiq manej barpo etilmoqda. O‘zbekiston bolalar-o‘smirlar futbolini, referi va murabbiylarning milliy maktabini rivojlantirish borasida ham FIFA bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.

16.05.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15-may kuni Moskva shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) Kollektiv xavfsizlik kengashining yubiley sessiyasi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisida ishtirok etdi.

ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi Kremlda davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. So‘ngra Tashkilotga a’zo mamlakatlar rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirokida kengaytirilgan majlis o‘tkazildi.

Kengashning ushbu sammiti Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi Toshkent shartnomasi imzolanganiga 20-yil va ODKB tashkil etilganiga 10-yil to‘lgan bir paytda bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yillar davomida Shartnomaga qo‘shilgan mamlakatlar kollektiv xavfsizlik tizimini shakllantirish bo‘yicha murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Sobiq Ittifoq hududida yuzaga keladigan ko‘plab muammolarni hal etish borasida a’zo mamlakatlarning amaliy hamkorligi bo‘yicha katta tajriba to‘plandi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.05.2012
© 2008 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati