O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatini axborot-tahliliy va tashkiliy-nazorat jihatdan ta’minlashni amalga oshiruvchi davlat organidir.
Administratsiyaning asosiy vazifalari:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlari, shu jumladan davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini taminlash bo‘yicha vakolatlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi holati va tendensiyalarini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlash;
mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini taminlashga ko‘maklashish, huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, suverenitetni muhofaza qilish, O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taminlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tashkil etish hamda xalq farovonligini yuksaltirish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqi ro‘yobga chiqarilishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
fuqarolik jamiyati institutlari bilan ularning demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali o‘zaro hamkorlikni ta'minlash;
kadrlarga oid yagona davlat siyosatini amalga oshirish va davlat xizmati ishlarining davlat tomonidan boshqarilishini ta'minlash;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarining ijrosini tashkil etish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish va ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tuzilmalar, shuningdek, uning vakolatlari amalga oshirilishiga ko‘maklashadigan maslahat va kengash organlari faoliyatini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta'minlash.