 
        
        
            
        
    
        10.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 10-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sochi shahriga keldi. 
Prezidentimizni Sochi xalqaro aeroportida Rossiya Federatsiyasi rasmiy doiralari va MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari kutib oldi. 
MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisining asosiy tadbirlari 11-oktabrga mo‘ljallangan. Majlis kun tartibiga Hamdo‘stlik doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 20 ga yaqin masala kiritilgan. 
Sammit yakunida MDHga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonoti, Hamdo‘stlikda 2019-yilni Kitob yili, 2020-yilni 1941-1945-yillardagi ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi yili, deb e’lon qilish haqida qaror, shuningdek, Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan boshqa hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. 
Majlisda 2018-yilda Hamdo‘stlikka raislik qiladigan mamlakat masalasi ko‘rib chiqilishi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilishi ko‘zda tutilgan. 
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sochi shahrida ikki tomonlama qator uchrashuvlar ham o‘tkazadi. 
 

 
                             
                             
                            
