01.12.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni BAAga amaliy tashrif doirasida Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashdi.
O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yil sentyabr oyida Samarqandda o‘tgan uchrashuv kelishuvlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdodagi ijobiy sur’at mamnuniyat bilan qayd etildi. Chorvachilik, oziq-ovqat, charm, agrar, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Avtomobil va havo kommunikatsiyalari, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda shartnoma-huquqiy asoslarni takomillashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kelgusi yilda qo‘shma Hukumatlararo qo‘mita va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishlarini o‘tkazishga kelishildi.
Ushbu uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga ahdlashib olindi.