02.12.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dubay shahriga tashrifi davomida 2-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Amirliklar tomonidan Vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayon, Bosh vazir o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf Ol Nahayon, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri, COP28 sammiti prezidenti Sulton Ahmad al-Jobir ham qatnashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Amirliklar yetakchisi va do‘st xalqini Milliy bayrami bilan samimiy tabrikladi hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global sammit muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan qutladi.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar barqaror va jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Faol muloqotni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va uni keng ko‘lamli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishdan manfaatdorlik bildirildi.