icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan hissasi chinakam mardlik va qahramonlik solnomasidir

08.05.2025

Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 80 yil bo‘ldi. Shuncha vaqt o‘tsa-da uning tarixi, kulfat va musibatlari unutilmaydi. Aksincha, urushning mudhish oqibatlari, tinchlik-osoyishtalik qadrini yodga soladi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida ana shunday mohiyat mujassam.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sana munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, xotira marosimida ishtirok etdi.

Bog‘ bo‘ylab mungli kuy taraladi. Bu yerdagi har bir yodgorlik, timsol va bitiklar mudhish urush haqiqatlarini ifoda etadi, xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini urg‘ulaydi. Bog‘ bugungidek bayram kunlarida, ayniqsa, gavjum bo‘ladi.

So‘nggi yillarda shakllangan an’anaga muvofiq, davlatimiz rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yo‘qotishlarning ifodasidir.

Hujjatlarning dalolat berishicha, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholimizning qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.

– Bular chinakam mardlik va qahramonlik solnomasidir. Bunday murakkab va shonli g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan matonatli xalqimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Bu qahramonliklarni hech qachon unutmasligimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak. Ayniqsa, hozirgi tahlikali zamonda buning ahamiyati nihoyatda katta. Hammamiz vatan himoyasiga har kuni tayyor bo‘lishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19-fevraldagi qaroriga muvofiq, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosib nishonlanmoqda. Bugungi avlodlar tinchligi, mamlakatimiz barqarorligi uchun jon fido qilgan insonlar xotirasi hurmat bilan yodga olinmoqda. Ayni vaqtda hayot bo‘lgan mehnat faxriylari va keksalarga ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘yishdi.

Davlatimiz rahbari bog‘da o‘rnatilgan “Xotira nuri” kompozitsiyasini ham ko‘zdan kechirdi. U Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan o‘zbekistonlik qahramonlar xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan. Monument parvoz qilayotgan ikki qush shaklida bo‘lib, katta va yosh avlodlar o‘rtasidagi vorisiylikni ifodalaydi.

Asar tarixiy meros va zamonaviy san’atni o‘zida mujassam etgan. Unga QR-havola o‘rnatilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar majmua va urush qahramonlari haqida o‘qishi, “Xotira nuri” kitobini yuklab olishi mumkin.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo