icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

19.08.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu borada davlatimiz rahbari shu yil 7-mayda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq bergan edi. Shundan kelib chiqib, soha mutaxassislari, aholi va xususiy sektor vakillari ishtirokida qator takliflar tayyorlandi.

Bugun kasalliklarni davolashda katta yuklama respublika muassasalariga tushmoqda. Shu bois viloyat va tuman miqyosida xizmatlarni kengaytirib, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda 1 ming 500 ta klinik protokol xalqaro talablarga moslashtiriladi va standart jarrohlik amaliyotlari ishlab chiqiladi. Eng keng tarqalgan kasalliklar bo‘yicha bemorlar marshrutlari ishlab chiqiladi va raqamlashtiriladi.

So‘nggi yillarda insult va infarktga olib keladigan gipertoniya, yurak ishemik kasalligi va qandli diabetning ko‘payishi kuzatilmoqda. Bunday holatlarning 85 foizi nogironlikka olib kelmoqda.

Shu bois birlamchi bo‘g‘inda sun’iy intellektni keng qo‘llagan holda ushbu kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha yangicha protokol va yondashuvlarni joriy qilish taklifi bildirildi. Jumladan, EKG-telemetriya, telemeditsina, trombolizis terapiya, stentlash va tromboekstratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Insult belgilarini erta aniqlash algoritmini ommalashtirish va aholiga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratiladi.

Nevrologik kasalliklar va insultni samarali davolash maqsadida Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz uchun Toshkent shahrida 250 o‘rinli zamonaviy bino quriladi, unda yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi.

Markaz hamda Samarqand va Buxorodagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Yaponiyalik hamkorlar ko‘magida xalqaro standartlar bo‘yicha erta reabilitatsiya xizmati joriy etiladi. 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi. Loyiha uchun 150 million AQSH dollari yo‘naltiriladi. Ushbu chora-tadbirlar nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, amaldagi sog‘liqni saqlash tizimini xaritalash va raqamlashtirish, shu asosda tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish taklifi bildirildi. Bu ishlar doirasida yangi qurilish standartlari, poliklinika va kasalxonalarning namunaviy loyihalari shakllantiriladi, 210 ta sanitariya normasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Bugungi kunda aholining laboratoriya tahlillariga ishonchi birmuncha past. Laboratoriya xizmatining sustligi profilaktika va davolashni qiyinlashtirmoqda. Tuman darajasidagi 2800 ta poliklinikaga 1500 ta laboratoriya xizmat ko‘rsatayapti, uskunalarning aksariyati eskirgan, ayrim tahlillar qo‘lda bajariladi.

Shu bois 2030-yil yakuniga qadar 198 ta markazlashgan laboratoriya tashkil etish, ichki va tashqi sifat nazoratini yo‘lga qo‘yish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bepul tahlillar soni oshiriladi.

Professional va oliy tibbiy ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hamshiralar akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Professional tibbiyot akademiyasiga aylantirish taklifi bildirildi. Xalqaro hamkorlar bilan birga yangi dasturlar joriy qilinadi, hamshiralarni NCLEX imtihoni asosida xalqaro sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi. Oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash yo‘nalishiga qabul kvotasi bosqichma-bosqich oshiriladi.

Bundan tashqari, barcha o‘quv dasturlari xalqaro tashkilotlar talablari asosida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, oilaviy tibbiyot bo‘yicha integratsiyalashgan ta’lim dasturi va bir yillik internatura joriy etiladi. "Bemor yonida" o‘qitish ulushini oshirish, bilimlarni baholashning ikki bosqichli tizimi hamda tibbiyot xodimlarini ro‘yxatga olish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Alohida yo‘nalish jamoat salomatligi bilan bog‘liq. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasiga, onalar va bolalar o‘limini kamaytirishga, jarohatlanishning oldini olishga yo‘naltirish taklif etilmoqda. Buning uchun yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqiladi.

Qon xizmatini takomillashtirish masalasi ham dolzarb. Bu borada 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan dastur qabul qilinib, tibbiyot muassasalarining qon bilan ta’minlanganligi 100 foizga yetkaziladi. Qon preparatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qon xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy usullari, jumladan, viruslarni inaktivatsiya qilish va nurlantirish joriy etiladi. Bu o‘lim holatlarini kamaytirish va qonga ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi.

Mamlakatimiz farmatsevtika bozori bugungi kunda 2 milliard dollardan oshgan. Islohotlar aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan.

Bu yo‘nalishda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mezonlarini inobatga olgan holda, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda tan olish tartibi joriy etiladi. Jeneriklarning bioekvivalent sinovlari o‘tkaziladi, tibbiy buyumlarni ularning xavfsizlik sinflari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning tabaqalashtirilgan tizimi qo‘llaniladi. Bu borada faoliyatni boshlash uchun xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

Shartnoma asosida ishlab chiqarish va texnologiyalar transferi rivojlantiriladi, farmnazoratning zamonaviy mexanizmlari tatbiq qilinadi.

Prezidentimiz bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Belgilangan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo