icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Prezident: har bir yutuq va natija, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda

27.08.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.

Toshkent shahrida 27-avgust kuni ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari barchani, avvalo, Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida alohida to‘xtaldi.

– Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlarimiz qanday ulkan natijalar berayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘tgan sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz shiddat bilan o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi. Bugun bitta raqamni birinchi marta aytmoqchiman: Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu yil iqtisodiyotimiz hajmi 130 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ya’ni, ilgari bunday o‘sish, bunday yuksak e’tirof hech qachon bo‘lmagan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday natijalarga tadbirkorlik keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, zamonaviy sanoat majmualari barpo etilayotgani, “yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tilib, muqobil energiya manbalari yaratilayotgani, axborot texnologiyalari, turizm va moliyaviy texnologiyalar kabi xizmat ko‘rsatish tarmoqlari rivojlantirilayotgani zamin bo‘lmoqda.

Yurtimizda zamonaviy shaharlar qad ko‘tarmoqda, qishloq va mahallalar obod bo‘lmoqda. O‘tgan sakkiz yilda aholi uchun 500 mingdan ziyod ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Bu mustaqillikning dastlabki 25 yiliga nisbatan to‘rt karra ko‘p. Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, qishloqlarni, yo‘llarni obod qilish uchun 60 trillion so‘m mablag‘ sarflandi. Yoki, 155 milliard dollar sarmoya hisobiga 100 mingdan ortiq investitsiya loyihalari ishga tushirildi, 7 milliondan ziyod aholi daromadli bo‘ldi.

– Bunday ulkan tarixiy yutuqlarimiz – o‘z vaqtida chuqur o‘ylab olib borgan keng ko‘lamli islohotlarimiz, eng muhimi, odamlarimizning tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgargani samarasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Qurayotgan binolarimiz, zamonaviy majmualar, qulay uy-joylar, maktab va bog‘chalar, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari misolida Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudrati va ulkan bunyodkorlik salohiyati yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Asosiysi, qaysi sohada bo‘lmasin, har bir yutuq va natija, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘nggi sakkiz yilda ijtimoiy infratuzilmaga oldingi yillarga nisbatan olti karra ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada bog‘cha o‘rinlari 720 mingdan 2,5 millionga yetkazildi. 466 ta yangi maktab qurilib, 1 millionga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratildi. Talabalar soni 279 mingdan 1,5 million nafarga oshirilib, oliy ta’limda qamrov 42 foizga olib chiqildi.

O‘tgan haftada Tadbirkorlar kuni munosabati bilan 168 nafar eng ilg‘or biznes vakillari, mirishkor dehqon va fermerlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani qayd etildi.

– Bunday fidoyi yurtdoshlarimiz, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan charchamayman. Albatta, bu bejiz emas. Barchangiz yaxshi bilasiz, bundan o‘n yil oldin biz asosan xomashyo eksport qilar edik. Hozirgi kunda esa, sanoat mahsulotlari hajmini 2016 yilgi 28 milliarddan 62 milliard dollarga yetkazdik. Agar vaqtida tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratib bermasak, bunday yutuqlarga erisha olarmidik? Yo‘q, albatta, – dedi davlatimiz rahbari.

Ta’kidlanganidek, bugun biznes vakillari iqtisodiyotimizning chinakam tayanchiga aylandi. Birgina qurilish sohasini oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalish oldin hech qachon hozirgidek jadal rivojlanmagan. Ilgari qurilishlar faqat davlat buyurtmasi asosida bo‘lar edi. Bugun xususiy qurilish kompaniyalari soni 30 mingdan oshdi, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 6 milliard dollarga yaqinlashdi.  Hozirgi kunda O‘zbekiston tom ma’noda ulkan qurilishlar maydoniga aylandi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida 23 milliard dollarlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu 2016 yilga nisbatan 4 karra ko‘p.

Bunday ulkan o‘zgarishlarni qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda ham ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda faqat sanoat bilan cheklanib qolmasdan, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi.

– Avvallari 500 million dollarga yetmagan turizm eksporti hozir 3 milliard dollarlik marradan oshdi. Yetti-sakkiz yil oldin IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi, desa, bunga kim ishonardi? Eng muhimi, barcha tarmoqlarga yangi ilm, zamonaviy texnologiyalar kirib keldi.  Ularda yuz minglab ish o‘rinlari va yuqori malakali kadrlar armiyasi paydo bo‘ldi. Har bir sohada Yangi O‘zbekistonning o‘z strategiyasi, tajriba maktabi shakllandi.

Mamlakatimizning ana shunday yangi tarixi, yangi qiyofasini yaratishda butun xalqimiz qatori siz, azizlarning ham munosib hissangiz bor va buning uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan vatandoshlarimizni ham tabrikladi.

Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

– Milliy istiqlolimizning eng buyuk maqsadi insonga e’tibor, uning qadrini, mehnatini ulug‘lash, olijanob xalqimizning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishdan iborat.  Buni ushbu daqiqalarda barchamiz yanada chuqur his etmoqdamiz. O‘z mehnati bilan mana shunday qadr topish, el-yurt nazarida bo‘lishdek buyuk baxt sizlarni hech qachon tark etmasin, – dedi Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo