
01.09.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalo, Xitoy Xalq Respublikasining Raisi, hurmatli Si Szinpin Janobi Oliylariga majlisimizni yuksak darajada tashkil etgani va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman.
Shuningdek, barcha ishtirokchilarni xalqlarimiz ulkan hissa qo‘shgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan tabriklashga ham ijozat bergaysiz.
Qirg‘iz Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan hurmatli Prezident Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga bildirilgan tabriklarga qo‘shilaman va O‘zbekistonning eng ulug‘ va asosiy davlat bayrami munosabati bilan aytilgan iliq so‘zlaringiz uchun minnatdorlik izhor etaman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bizning uchrashuvimiz Xitoyning qadimiy madaniyati hamda uning sanoat va texnologik yo‘nalishdagi jadal taraqqiyoti o‘rtasidagi uyg‘unlikni o‘zida mujassam etgan Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
Bu yerda buyuk Konfutsiyning “Hayotda o‘z o‘rningni topishni xohlar ekansan, boshqalarga yordam ber, muvaffaqiyatga intilar ekansan, boshqalarning yutug‘iga ko‘mak ber”, degan hikmatli so‘zlari o‘zgacha ruhda yangraydi.
Bu ming yillik falsafa o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash, har bir a’zo davlat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan Shanxay hamkorlik tashkilotining bugungi missiyasiga hamohangdir.
SHHT makonida umumiy taraqqiyot va ravnaq aynan ana shunday mustahkam poydevor ustida barpo etilmoqda, deb hisoblayman.
Xitoyning samarali raisligi tufayli Tashkilotimizning nufuzi yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli amaliy hamkorligi kengaydi.
Ishonchim komilki, o‘tayotgan ushbu sammit yangi tarixiy davrni boshlab beradi va o‘zaro munosabatlarning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
Iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik yo‘nalishlarda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda o‘z ta’sirini izchil kengaytirib bormoqda. Global noaniqlik kuzatilayotgan hozirgi sharoitda bu muhim ahamiyatga egadir.
Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda SHHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir.
Ayniqsa, SHHT teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat va sheriklik makoni bo‘lib qolayotgani muhim. Aynan shu jihat manfaatlar muvozanatini ta’minlash va zamonamizning eng murakkab xavf-xatarlariga birgalikda javob topish imkonini bermoqda.
SHHTning ovozi bizning umumiy siyosiy irodamiz ifodasi, tinch kelajak va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlarga chorlovimiz sifatida yanada ishonchli va baralla yangrashi kerak, deb hisoblaymiz.
Ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘z qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashishni istar edim.
Eng avvalo, Tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarur. Tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar ushbu muhim vazifalarni hal etishga yordam beradi, deb ishonaman.
Biz Tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki “SHHT modeli”ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘naltirilganidadir. Biz o‘z kelajagini SHHT bilan bog‘liq holda ko‘rayotgan davlatlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibi, jumladan, boshqa mintaqa davlatlari hisobidan kengayib borayotgani Tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam beradi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik – SHHTning hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bugungi kunda kelishilgan yondashuvlarga hamda ishonch va xavfsizlikni ta’minlashning yangi mexanizmlariga talab kuchayib bormoqda.
Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha SHHT deklaratsiyasini qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ushbu deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa bo‘ladi.
Terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda o‘zgarayotgani, kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va aylanmasi o‘sib borayotgani, uyushgan jinoyatchilik kuchayayotgani munosabati bilan bildirilayotgan xavotirlarga qo‘shilamiz.
Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030-yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.
“SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Biz keng mintaqamizda iqtisodiy hamkorlikning barqaror modellarini shakllantirish tarafdorimiz.
SHHT makonida mintaqaviy ichki mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga turtki beradigan Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitim imzolanishini muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
Ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish zarur ekanini ta’kidlamoqchiman.
Shu munosabat bilan SHHT doirasida minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Strategik materiallar bo‘yicha SHHT mintaqaviy markazi, mamlakatlarimizda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish va “yashil” energetikani jadal rivojlantirish uchun SHHT Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, mamlakatlarimiz mintaqalarini jalb qilgan holda, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi qator yangi ko‘p tomonlama platformalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini tashkil etishni taklif qilaman.
Mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhim. Ushbu masalani vakolatli vazirlar darajasida yana bir bor ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish mamlakatlarimizning umumiy manfaatlariga javob beradi.
Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Biz “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Bu yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklar yaratishni nazarda tutadi. Bu borada tegishli ko‘p tomonlama konsepsiyani ishlab chiqishni taklif etamiz.
Yana bir ustuvor yo‘nalish – SHHTning “yashil” transformatsiya sohasidagi hamkorligini kengaytirish. Xitoy tomonining tashabbusi bilan “Yashil” sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblayman.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish zarur.
Madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish SHHT doirasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim omili hisoblanadi.
Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini o‘tkazish, “SHHT universiteti” sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga kuchli turtki berishi mumkin.
Bundan tashqari, “Sayyohlik yo‘lagi” va SHHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, Qirg‘iziston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilgani munosabati bilan Sadir Nurg‘ojoyevichni tabriklab, Sizga bu borada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Nutqimning yakunida bugun qabul qilinayotgan Tyanszin deklaratsiyasi, SHHTni 2035 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi va boshqa yakuniy hujjatlar ko‘pqirrali hamkorligimizni kengaytirish va zamonaviy tahdidlarga samarali yechimlar topishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman.
Biz SHHT doirasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy vazifalarni hal qilish uchun ishlarni birgalikda davom ettirishga tayyormiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.