
10.09.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bugungi kunda dunyoda moliyaviy texnologiyalar bozori tez sur’atda rivojlanyapti. Uning hajmi bu yil 300 milliard dollardan, 2030-yilga borib, 600 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Yurtimizda ham mazkur yo‘nalishda katta imkoniyatlar bor. 2018-yilda FinTech korxonalari 24 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 103 taga yetgan. Joriy yil mahalliy korxonalarimiz 260 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p.
O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida 1 mingta startapni qo‘llab-quvvatlash, “Open banking” tizimini joriy qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi aytilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi rejalar va takliflar yuzasidan axborot berdi.
Strategiyani puxta ishlab chiqish uchun, avvalo, me’yoriy-huquqiy baza, moliyaviy texnologiyalarning hozirgi holati, infratuzilma va kadrlar masalasi tahlil qilinmoqda. Singapurlik ekspertlar jalb etilib, xalqaro tajriba o‘rganilmoqda. Shu asosda bu sohadagi milliy tamoyillar shakllantiriladi, institutsional arxitektura va idoralararo hamkorlik tartibi belgilanadi. Yakuniy maqsad barqaror, inklyuziv va raqobatbardosh moliyaviy xizmatlar ekotizimini yaratishdir.
Bugungi kunda moliya bozorini sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarisiz rivojlantirib bo‘lmaydi. Tahlillarga ko‘ra, bular orqali banklar daromadini 20 foizga, moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirib, xavflarni 15 foizga kamaytirish mumkin.
Davlatimiz rahbari banklarning texnologik imkoniyatlarini kengaytirib, ulardagi raqamli xizmatlarni ko‘paytirish, fintex sohasidagi kompaniyalar va startaplarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Sohada muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinishi ma’qullandi. Bu chora-tadbirlar kelgusida O‘zbekistonning mintaqaviy fintex markaziga aylanishiga xizmat qiladi.