
15.09.2025
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallimlarni tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Ular orasida o‘z mablag‘i hisobidan maktablar qurgan saxiy tadbirkorlar, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.
Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– Men ko‘plab soha vakillariga unvon, orden va medallar beraman. Lekin ustozlar mukofotlanadigan kunni sog‘inib kutaman. Ko‘ksingizni bezab turgan orden-medallar muborak bo‘lsin. Yurtimizda yuksak mukofotlarga munosib fidoyi muallimlar ko‘paysin, – dedi Prezident.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar ta’lim sohasiga e’tibori, ustoz zotiga yuksak hurmati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.
Shundan so‘ng sohani rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda videoaloqa orqali butun respublikamizdan 40 mingdan ziyod ustoz va murabbiylar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishdagi nutqida so‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga yetishini qayd etdi.
Ushbu iqtisodiy zamin asosida o‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Prezidentimiz ta’lim sifatini oshirish, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ta’limning barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirish, yoshlar va pedagoglar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar belgilandi.
2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bolalar bog‘chasi yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi. Yaqinda e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar natijasida maktabgacha ta’lim kirib bormagan birorta mahalla qolmaydi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmaydi.
Bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi. Xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham budjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.
Endi davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliy ta’limda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.
Ta’limning eng uzoq davom etadigan, hal qiluvchi bosqichi bu – maktab ta’limidir.
Mamlakatimiz aholisi so‘nggi 34 yilda 2 karra o‘sib, 38 milliondan oshdi. Hozirda maktablarda 6,5 million o‘quvchi ta’lim olyapti. So‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar xususiy maktablarda o‘qiyapti.
Endi maktab davrida o‘quvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi.
Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi.
Davlatimiz rahbari kasbiy ta’lim masalasiga alohida to‘xtaldi. Soha uchun 2026-yil – yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu maqsadda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadi. Agentlikning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat bo‘ladi.
Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinadi.
Shuningdek, kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor bu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihon qilinib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilidan Angliyaning Pirson kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITЕK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.
Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. Endi texnikumlarda “investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida har bir loyiha bo‘yicha dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalar barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.
Umuman, dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Hamkor korxonalarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.
Yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ish topishda chet tillarini bilish juda muhim. Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz qaroriga muvofiq, maktablarda maslahatchi lavozimi joriy qilinyapti. Endi ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo‘yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo‘naltiradi.
Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.
– Bu yangi tashabbuslarimizdan maqsad nima? Har bir bolani kasb-hunar orqali daromadli qilsak, oilalarning ro‘zg‘ori but bo‘ladi, mahallalarda tinchlik hukm suradi. O‘ylaymanki, bundan ota-onalar ham rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish choralari ham belgilandi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Bu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Bundan texnikumlarning 30 minglik pedagoglar jamoasi manfaat ko‘radi. Ushbu muassasalar direktor va o‘rinbosarlarining oylik maoshi ham oshiriladi. Endi texnikumlarda ham ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
So‘nggi yillarda, ayniqsa, oliy ta’lim qamrovi jadal oshdi. Oliy o‘quv muassasalari soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi.
Yangi industrial davr – “to‘rtinchi sanoat inqilobi”ni amalga oshirish uchun dunyoda “texnologik minerallar”ga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi. Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak.
Shuning uchun ilm-fan va biznes vakillarini uchrashtirib, manfaatli hamkorlikda ishlaydigan tizim tashkil etilishi aytildi. Ixtirolarning tajriba-sinov ishlari xarajatlarini qoplashga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Yaqinda ixtirochilar o‘rtasida to‘qqizta yo‘nalishda o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga elektromobil berildi. Ikkinchi o‘rin sohiblari xorijga stajirovkaga yuboriladi, uchinchi o‘rinni egallaganlar esa pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Endi bunday tanlovlar oliy ta’limning har bir yo‘nalishida, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ham o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Oliy o‘quv yurtlarida xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. TOP-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ochiladi.
Prezidentimiz ustoz va murabbiylarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham qator tashabbuslarni bildirdi.
Endi yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.
Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma beriladi.
O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.
Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi.
Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.
Yig‘ilishda o‘qituvchi va talabalar, ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilinib, taklif va fikrlari tinglandi.