
16.10.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan axborot berildi.
Taqdimotda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.
774 gektar maydonda tashkil etilgan mazkur hududda hozirgacha 268 gektarda 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati esa 800 million dollarga teng. Yana 300 gektarda joylashadigan 30 ta loyiha bo‘yicha investorlar aniqlangan bo‘lib, umumiy investitsiyalarning hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.
Sanoat zonasini yanada kengaytirish va yangi quvvatlarni joylashtirish hisobiga ish o‘rinlarini yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli hamda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Masalan, sanoat zonasi hududida 288 million dollar investitsiya hisobiga multimodal logistika terminali barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Loyiha Dubayning “DP World” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Terminal ishga tushgach, poytaxt va Toshkent viloyatining logistika imkoniyatlari kengayadi, eksport va import operatsiyalari tezlashadi.
Poytaxtda yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi tajribadan kelib chiqib, “BRT” tizimi (Bus rapid transit) asosida yana 10 ta ko‘chada shunday qurilish ishlari boshlanadi.
Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, transport oqimini tartibga solish va shahar qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Kelgusi yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash ishlariga mahalliy byudjetdan 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Prezidentimiz poytaxtdagi yangilanishlar insonlar uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga, iqtisodiy faollik va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Taqdimot davomida boshqa hududlardagi yirik loyihalar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Jumladan, Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalari ko‘rib chiqildi.