
21.10.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21-oktabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Yil boshida 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar mazkur raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.
– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.
O‘tgan yili Sun’iy intellektni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamlashtirish vazirligida ushbu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.
Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.
Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi.
Shu bois, zamonaviy super kompyuter klasterlari va “Data-markaz”larni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Bu yil 16 ta super kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshiriladi.
Sohaga investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun Qoraqalpog‘istonda imtiyozli rejim joriy qilinishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasining narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.
Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan “sputnik internet” operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularning formatlari turlicha bo‘lgani sun’iy intellektni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini yagona “Data-markaz”ga o‘tkazish topshirildi.
– Sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi.
Prezident sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlashni, eng avvalo, maktablardan boshlash kerakligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.
Yoshlarning sun’iy intellektdan foydalanishga doir g‘oyalarini aniqlash va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi kengaytiriladi, bu bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.
Yig‘ilishda oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish choralari ham belgilab olindi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi.
Talabalarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida har bir hududda oliygoh jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi tashkil etiladi.
Umuman, sohani rivojlantirish borasida yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida “Sun’iy intellekt alyansi”ni tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.