icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Narkojinoyatlarga qarshi kurashish, kiberxavfsizlik va prokuror nazorati sohalaridagi ishlarning samaradorligi yanada oshiriladi

03.11.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda narkojinoyatchilik butun insoniyat uchun yangi global xavf-xatarga aylanayotgani qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, dunyoda 400 milliondan ortiq odam bu illatga duchor bo‘lgan, uning oqibatida yiliga 300 mingga yaqin odam vafot etyapti.

Afsuski, mazkur illat mamlakatimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi. Bunday jinoyatlarning shakl va turlari yildan yilga ko‘payib, qamrovi ortib borayotgani narkojinoyat va giyohvandlikka qarshi kurashishni kompleks ravishda tashkil qilish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi.

Jumladan, keyingi paytlarda iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda o‘tkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.

– Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish bo‘yicha reja va takliflarini taqdimot qildi. Jumladan, aholi salomatligi va millat genofondini ushbu xavfdan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda mexanizmlar taklif sifatida kiritildi.

Bunda o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.

Birinchi navbatda, yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qat’iy barham berish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, uyushgan guruhlar va narkolaboratoriyalar, ularga rahnamolik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimi tubdan takomillashtiriladi.

Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi hamda bu borada uzluksiz ishlash tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari ham muhokama qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 31 milliondan ortiq aholi internetdan foydalanmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda yurtimizda kiberjinoyatlar soni esa 68 barobarga ko‘paygan. Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan.

Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va elektron imzolari bo‘yicha amalga oshirilayotgan firibgarliklar soni keskin ortib bormoqda. Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng ko‘p tarqalgan usullardan biri – bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.

Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha aniq mexanizm mavjud emas, ayrim tadbirkorlik subyektlari mijozlarning ma’lumotlarini ochiq bazalarda saqlamoqda. Davlat xizmatlari sohasida ham biometrik identifikatsiya va elektron raqamli imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik bo‘yicha yetarli kafolatlar ta’minlanmagan.

Shuningdek, bank tizimida kiberhujumlarning oldini olish, shubhali pul operatsiyalarini aniqlash va tezkor chora ko‘rish mexanizmlari yetarli darajada samarali ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, taqdimotda sohaning huquqiy, texnologik va ilmiy-uslubiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan yechimlarni bayon qildi.

Shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talabini, bunday ma’lumotlarni shifrlab saqlash tartibini joriy etish, ma’lumotga ishlov beruvchi shaxslarning reyestrini yuritish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tun-u kun rejimda yo‘lga qo‘yishning mexanizmlari taklif qilindi.

Kiberjinoyatchilikning yangi turlari – smart qurilmalarga hujumlar, kriptoaktivlarni noqonuniy egallash kabi tahdidlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Soha va tarmoqlarni raqamlashtirishdan asosiy maqsad – byurokratiya va korrupsiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash.

Masalan, davlat xaridlarida tanlov va tenderlar raqamlashgani uchun shu yilning o‘zida 7,5 trillion so‘m tejaldi. Bugun aholi va tadbirkorlarga 1 mingga yaqin davlat xizmatlari masofadan turib ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon davlat organlari tomonidan 7 mingdan ziyod qonunga zid hujjatlar qabul qilingani, shuningdek, nazorat idoralarining faoliyatida 12,5 ming nafar tadbirkorning huquqi buzilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan qonunlar ijrosi ustidan masofaviy nazorat tizimini yaratish, davlat idoralarida qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini tekshirish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish zarur.

Taqdimotda Bosh prokuratura tizimida raqamli prokuror nazoratini joriy etish, tekshiruvlar va monitoring jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar haqida axborot berildi. Bu orqali qonun buzilishlarini erta aniqlash, mas’ul shaxslarning harakatlarini real vaqt rejimida kuzatish hamda prokuror nazoratini shaffof va samarali tashkil etishning imkoni yaratiladi.

Hozirda tergovchilarning ishini baholash bo‘yicha yagona tizimning yo‘qligi, hisobotlarning “qo‘lda” yuritilayotgani, jinoyat ishlarining hali ham qog‘oz shaklida saqlanayotgani ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hisobot tayyorlash jarayoni bir haftagacha vaqt olmoqda.

Yil boshidan buyon tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorni qabul qilishda protsessual tartiblarga amal qilinmagani, kamchiliklar tufayli 637 ta jinoyat ishining materiallari sudlar tomonidan tergovga qaytarilgani ma’lum qilindi.

Shu bois, jinoyat haqida xabar kelib tushganidan tortib, sud qarori ijrosigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish vazifasi belgilandi. Bu tizim tergov jarayonini tezlashtiradi, inson omilini kamaytiradi va mas’uliyatni oshiradi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish uchun sun’iy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni boshlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali sohada zamonaviy tahlil usullaridan foydalana oladigan, raqamli xavf-xatarlarni oldindan aniqlaydigan va ularga samarali javob berishga qodir professionallar qatlamini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo