04.11.2025
                    
                    
                    Hurmatli Rais Xonim Oliyalari!
Hurmatli Bosh kotib Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Qadrli birodarim, Qatar Amiri Shayx Tamim Ol-Soniy A’lo Hazratlariga Butunjahon sammitini yuksak darajada tashkil etayotganlari va samimiy mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Janobi Oliylariga ushbu anjumanni o‘tkazishdagi ulkan shaxsiy hissasi uchun alohida tashakkur bildiraman.
Global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim platforma bo‘lgan sammitning aynan Doha shahrida o‘tkazilayotgani katta ramziy ma’noga ega.
Qatar Davlati so‘nggi yillarda ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyotning global markaziga aylanmoqda. Bunday olamshumul yutuqlar bilan Qatar xalqini chin dildan tabriklayman.
Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani e’tiborga molikdir.
O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Biz keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu yo‘ldagi qat’iy pozitsiyamiz yangi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yildi hamda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi e’lon qilindi.
Avval tarqoq bo‘lgan ijtimoiy himoya dasturlari yagona tuzilma – Ijtimoiy himoya milliy agentligi asosida birlashtirildi. Yangi ijtimoiy himoya modelimiz jamiyatning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan mahalladan boshlab, har bir xonadon va oilani qamrab olmoqda.
Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Jahonda murakkab iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlar kechayotgan hozirgi sharoitda quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda umr kechirmoqda.
Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.
Bu borada ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirishga amaliy yordam beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, bandlik masalasini samarali hal etishda yangi, zamonaviy mexanizmlarni ishga tushirish dolzarb ahamiyatga ega.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etdi. Yuqori texnologiyalar, sun’iy intellektning jadal kirib kelayotgani dunyoda millionlab ish o‘rinlarining yo‘qotilishiga olib kelmoqda.
Bunday sharoitda hukumatlar va biznes ijtimoiy hamkor sifatida xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berishi zarur. Shu munosabat bilan ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbusni ishlab chiqish haqidagi taklifimizni ma’qullaysiz, deb ishonamiz.
Uchinchidan, barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish mumkin.
Hozirgi davrda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollariga teng, deb baholanmoqda. Bu esa yosh avlodni ijtimoiy hayot va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtirmoqda hamda tengsizlikning keskin o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Biz kecha o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyansning ilk uchrashuvi qarorlarini to‘liq ma’qullaymiz. Uning kelgusi sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni va ta’lim masalasini asosiy kun tartibi sifatida belgilashni taklif qilamiz.
To‘rtinchidan, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarurati ortib bormoqda.
Hozirgi kunda dunyoda 300 milliondan ortiq migrantlar o‘zga yurtlarda mehnat qilmoqda. Afsuski, ularning haq-huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar ko‘plab uchramoqda.
Kelgusi yili xalqaro mehnat va migratsiya tashkilotlari bilan birgalikda O‘zbekistonda Migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish va Global dastur qabul qilishni taklif etaman.
Beshinchidan, barchamiz iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’sirini yaqqol sezib turibmiz.
Ekstremal ob-havo, cho‘llanish, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, eng avvalo, zaif qatlamlar – dehqonlar, mavsumiy ishchilar, murakkab ekologik vaziyatdagi mintaqalar aholisi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks choralarni ko‘rish – juda dolzarb vazifa. Bu borada Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi bilan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasida Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish niyatidamiz. Va bu yo‘nalishdagi tajribamizni jahon hamjamiyati bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugun biz qabul qilayotgan qarorlar jahondagi millionlab odamlarga ishonch va umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishi shubhasiz.
Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir.
Shu ma’noda, bugun qabul qilinayotgan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz unda belgilangan tamoyillarni hayotga to‘liq tatbiq etishga tayyormiz. Hech shubhasiz, ushbu tarixiy deklaratsiya Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida umumiy sa’y-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
So‘zimning yakunida barchangizga omad va yutuqlar, Butunjahon sammiti ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.


