08.11.2025
Hurmatli sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari!
Ushbu qutlug‘ ayyomda xalq salomatligining posbonlari bo‘lgan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hammamizga ayonki, sihat-salomatlik har bir inson, butun jamiyat uchun bebaho boylik, ulug‘ ne’matdir. Faqat sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz ishlarga qodir ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning “Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il, Ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il”, degan hikmatli da’vati aynan sizlar kabi jonkuyar va fidoyi insonlarga bag‘ishlangan, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Biz sizlarning Yangi O‘zbekistonda yangi tibbiyot tizimini rivojlantirish yo‘lidagi samarali faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz hamda sharafli va mas’uliyatli mehnatingiz uchun el-yurtimiz nomidan samimiy tashakkur bildiramiz.
Aziz shifokorlar!
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini amalda ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatida aholi salomatligini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda davlat budjetidan tibbiyot sohasi uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi 6 karra oshirilgani, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati tubdan yaxshilanganini ta’kidlash lozim. Tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilib, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirilmoqda. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his etmoqda. Masalan, ilgari faqat poytaxtda ko‘rsatilgan 400 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmatlar hozirgi vaqtda viloyat va tumanlarning o‘zida ham amalga oshirilmoqda.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bo‘yicha xalqaro tajribaga asoslangan yangi model joriy etilmoqda. Qisqa muddatda hududlarimizda 490 ta muassasa qayta tashkil etilib, yuridik maqomga ega bo‘lgan 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi ishlarimizning natijasidir.
Yurtimizda 2017-yildan buyon onalar o‘limi ko‘rsatkichi 21 promilledan 11 promillega, go‘daklar o‘limi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaygani ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarimizning samarasidir.
Joriy yil birinchi marta davlat tibbiyot muassasalariga robot texnologiyalari kirib keldi. O‘tayotgan yilda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi.
Sohada DMED yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 million nafardan ziyod aholining tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Vazirlik tizimida “Raqamli sog‘liqni saqlash” markazi ochildi.
Sun’iy intellekt asosida bajarilayotgan tibbiy tekshiruv va muolajaning turlari 43 taga yetdi.
Tez tibbiy yordam xizmatida chaqiriqlarni elektron boshqarish tizimi o‘rnatilgani ham muhim yangilik bo‘ldi. Davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. O‘tgan sakkiz yilda yurtimizda xususiy klinikalarning soni 3,5 mingtadan 9 mingtaga, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari esa 50 tadan qariyb 130 taga yetgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Mamlakatimiz farmatsevtika bozorida milliy mahsulotlarning hajmi ko‘payib, 2017-yildan buyon ishlab chiqarish 1,4 trillion so‘mdan 6,3 trillion so‘mga, eksport miqdori esa 6,3 million dollardan 250 million dollarga o‘sdi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida mavjud uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro “Times Higher Eduсation” (THE) reytingidan joy oldi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining soni 8 tani tashkil etmoqda.
Bu yil 300 nafarga yaqin mutaxassislarimiz o‘nlab rivojlangan xorijiy mamlakatlarda o‘z bilim va malakasini oshirib keldi.
Yurtimiz aholisining turmush sharoitlari yaxshilanib, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzayganida siz, o‘z kasbi va xizmat vazifasiga sodiq, zahmatkash soha xodimlarining munosib hissangiz bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Hurmatli shifokorlar!
Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga erishishda xalqimizning tinchligi va sog‘lig‘ini asrash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va sog‘liqni mustahkamlab, o‘z kuch hamda imkoniyatlariga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va millat ezgu maqsadlariga albatta erishadi.
Siz, azizlar bundan buyon ham boy bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, O‘zbekiston tibbiyotining shonli an’analarini izchil davom ettirish, jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish uchun yanada katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasiz deb ishonaman.
O‘z navbatida, soha xodimlarining xizmatlarini munosib qadrlash, ular uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratib berish masalalari bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida bo‘lib qoladi.
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ish faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va fayz-u baraka tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, qo‘lingiz dard ko‘rmasin, aziz shifokorlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


