21.11.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Keyingi yillarda intellektual mulk sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohada 51 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, O‘zbekiston 8 ta xalqaro shartnomaga qo‘shildi. Intellektual mulk himoyasi kuchaytirilib, unga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qat’iylashtirildi, jinoiy javobgarlik belgilandi. Bojxonada “ex officio” tartib-taomili kiritilib, kontrafakt tovarlarni yo‘q qilish tartibi joriy etildi, har yili “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkazilmoqda.
Intellektual mulk obyektlarining soni 102 mingtadan oshdi, xorijda mahalliy va O‘zbekistonga kirgan xorijiy brendlar muhofazasi kengaytirildi, Samarqand noni, Chust pichoqlari, Marg‘ilon adrasi kabi 23 ta geografik ko‘rsatkich ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Bu ishlar natijasida mamlakatimiz Global innovatsiyalar indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘ringa ko‘tarildi.
Taqdimotda sohani yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda Intellektual mulk sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi, 5 ta kompozit va 4 ta proaktiv xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, intellektual mulkdan foydalanish holati Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida inobatga olinadigan tartib joriy qilinadi.
Barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga kiritish hamda tijoratlashtirishga ko‘maklashish markazlarini ochish, dastlab Milliy universitetda, keyinchalik yana 4 ta oliygohda “Intellektual mulk obyektlari menejmenti” yo‘nalishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ijodkorlar va mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida har yili 5 ta nominatsiya bo‘yicha “Eng yaxshi intellektual mulk obyektlari” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi. “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus ko‘krak nishoni ta’sis etilib, 26-aprel – Butunjahon intellektual mulk kunida topshirib borilishi belgilandi.
Milliy geografik ko‘rsatkichlar tizimini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Yetmishga yaqin geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish, Lissabon tizimiga a’zo bo‘lish orqali milliy mahsulotlar qiymatini va eksport salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Arxiv ishini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinar ekan, bugungi kunda yurtimiz arxivlarida 16 millionta hujjat to‘plami, shu jumladan, 1,3 millionta alohida qimmatli va noyob hujjatlar saqlanayotgani qayd etildi. Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi va Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari UNESСOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.
Shu bilan birga, hujjatlarni raqamlashtirish sur’ati yiliga atigi 2 foizni tashkil qilmoqda. 2030-yilga qadar arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60 foizga yetkazish, alohida qimmatli va noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun sohadagi axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimiga birlashtirish, hujjatlarni radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olish va onlayn kuzatish tizimini joriy etish, hujjatlarni tasniflash va tanish jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan. Tuman (shahar) arxivlarining vazifalari hududiy arxiv boshqarmalariga o‘tkaziladi.
“Shajara” axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Yangi xizmat foydalanuvchilarga o‘z shajarasini yaratish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.
Yuridik ta’lim va fanni yanada isloh qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’limni joriy qilish rejalashtirilgan. Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yo‘nalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. Zamonaviy huquq talablaridan kelib chiqib, “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi.
Shu bilan birga, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida fakultetlarning tashkiliy tuzilmasini yangilash va kafedralarni bosqichma-bosqich shu’balarga aylantirish, universitetning professorlar kengashini tashkil etish taklif etildi.
Taqdimotda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bu ishlar doirasida ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin me’yoriy hujjatni bekor qilish, 77 ta hujjatni qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlar uchun 15 dan ziyod ortiqcha talablarni qisqartirish orqali biznes yuritish sharoitlarini yengillashtirish rejalashtirilgan. Qonunlar samaradorligini baholash orqali kollizion norma va huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etib boriladi.
Prezidentimiz taqdim etilgan yangilanishlarni tizimli joriy etib, muhokama qilingan sohalarda samaradorlikni, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.


