icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Prezident Olimpiadasi o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari hamda barcha ishtirokchilariga

03.12.2025

Aziz farzandlarim!

Hurmatli ota-onalar, ustoz va murabbiylar!

Avvalo, barchangizni Vatanimiz hayotida o‘chmas iz qoldirgan Prezident Olimpiadasi o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, saralash bosqichlarida 100 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz orasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 3 ming nafarga yaqin sizdek eng kuchli va navqiron sportchilarimizning munosib ishtiroki tufayli  bu musobaqalar O‘zbekiston sporti noyob tizim bo‘lib shakllanganini bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlashga haqlimiz.

Qariyb o‘n kun davom etgan qizg‘in va murosasiz bellashuvlarda erishilgan g‘alabalar, rekord natijalar bu fikrni yaqqol isbotlab turibdi.

Ayniqsa, og‘ir atletikachi qizlarimiz Shahnoza Haydarova, Mohinur Esonboyeva, yengil atletikachimiz Sadafbonu Nusratulloyeva O‘zbekiston rekordini yangilagani, yunon-rum kurashi bo‘yicha 17 yoshli Qamariddin Xudoyberganov amaldagi Osiyo va jahon chempionlarini, Komila Sultanova, Umarali Abdujabborov, Miraslava Omelchenko kabi taekvondochilarimiz esa mamlakat chempionlaridan ustun kelib, eng yuksak shohsupalarga ko‘tarilgani tahsinga sazovordir.

Yana bir muhim jihati – bundan to‘rt yil oldin yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimida kashf etilgan iqtidorli yoshlarimizdan 23 nafari ushbu Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlariga aylandi.

Bularning barchasi Prezident Olimpiadasining yoshlarimiz uchun g‘oyat mas’uliyatli bellashuvga aylangani va o‘zining shonli an’analarini shakllantira boshlaganini ko‘rsatadi.

Aminman, sport sohasidagi ilk qadamlarini qadrdon mahallasidan boshlagan, bugun o‘z hududining sharafini dadil himoya qilgan bu farzandlarimiz kelgusida jahon arenalarida Vatanimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etadi.

Qadrli sportchi yoshlar!

Sizlarning ishtirokingizda bo‘lib o‘tgan bellashuvlarni  biz butun xalqimiz bilan birgalikda katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib, Yangi O‘zbekistonda yuksak salohiyatli olimpiya zaxiralari yetishib kelayotganidan qalbimiz quvonch va iftixorga to‘ldi.

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari, ularning ota-onalari va murabbiylarini alohida qutlagan holda bir fikrni ta’kidlab aytmoqchiman. Aslida bunday musobaqalarda ishtirok etishning o‘zi ulkan baxt, ulkan yutuq. Chunki bu o‘yinlar sizlarning qalbingizga Olimpiada ruhi, Olimpiada g‘oyalarini olib kiradi, jahon arenalari sari dadil borishda katta tajriba va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Hech shubhasiz, biz bu tizimni yanada takomillashtirib, uning tarkibiga kelgusi yildan boshlab, suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy sport turlarini ham kiritamiz. Olimpiadamizning har bir bosqichiga xalqaro sport mezonlari to‘liq tatbiq qilinadi va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash uchun trenerlarni zamonaviy metodologiya va yondashuvlar asosida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, musobaqalar natijalarini ochiq va shaffof usulda baholash uchun hakamlarning malakasi oshirib boriladi, sport turlaridan kelib chiqib, sport maktablari va to‘garaklardagi sharoitlar yaxshilanadi.

Ana shu ishlarni amalga oshirishda bu yilgi musobaqalarda to‘plagan bilim va tajribangiz, amaliy takliflaringiz bilan sizlar ham munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, mazkur bellashuvlarning saralash va final bosqichlarini yuksak darajada tashkil etgan hududlarimiz, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutasaddi shaxslarga, sport federatsiyalari, oliy o‘quv yurtlari, texnikum va maktablar  jamoalariga, jonkuyar volontyorlarimizga, yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha sport muxlislariga, ko‘p millatli xalqimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Sizlar bugun katta marralarni zabt etdingiz. Oldingizda esa bundan ham yuksak dovonlar turibdi.

Barchangizga kelgusi musobaqalarda bundan ham yorqin g‘alaba va natijalar yor bo‘lishini tilayman.

Tinimsiz izlanishdan, olg‘a borishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo