icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Barqaror energetika – Yangi Oʻzbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” mavzusidagi anjumandagi nutqi

05.12.2025

Hurmatli doʻstlar!

Xonimlar va janoblar!

Bugun sizlar bilan yirik generatsiya quvvatlarini ishga tushirish va yangilariga start berish marosimida uchrashib turganimizdan behad mamnunman.

Ishonamanki, “Barqaror energetika – Yangi Oʻzbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” deb nomlangan anjumanimiz nafaqat energetika tarmogʻi rivoji, balki mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti yoʻlidagi yana bir ulkan amaliy qadam boʻladi.

Bugun jadal surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz. Biz bu yoʻnalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz.

Birinchisi, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya taʼminotini yoʻlga qoʻyish.

Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir.

Taʼkidlash oʻrinliki, soʻnggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. Eʼtiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi bu yil 30 foizga yetkaziladi.

Bundan tashqari, xususiy sektor, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida 2 ming megavattli kichik quyosh panellari oʻrnatildi. Ularda shu yilning oʻzida qoʻshimcha ravishda 2 milliard kilovatt-soatga yaqin muqobil energiya ishlab chiqarildi. Shuningdek, hududlarda 69 ming kilometr elektr tarmoqlari, 14 mingta transformator va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yangilandi.

Sohadagi bunday oʻzgarishlar mahalliy korxonalar rivojiga ham katta turtki bermoqda. Ushbu korxonalar tomonidan yangi qurilayotgan elektr stansiyalari va tarmoqlariga yil boshidan buyon 700 million dollarlik qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel oʻtkazgichlar, elektr qurilmalari yetkazib berildi, loyihalash-injiniring va qurilish xizmatlari koʻrsatildi.

Birgina misol. Norin kaskad gidroelektr stansiyasining 38 megavattli ilk gidroelektr stansiyasi toʻliq mahalliy mahsulotlardan foydalangan holda ishga tushirildi.

Soha rivojiga xizmat qiladigan qurilish, elektrotexnika va servis korxonalarimiz kelgusida xalqaro standartlarga javob beradigan yirik milliy kompaniyalarga aylanishiga albatta ishonaman.

Shu maʼnoda, bugun ishga tushirilayotgan va yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqaradigan “Angren energo” hamda 155 ta gidroagregat tayyorlab beradigan “Uzhydopower” korxonalari katta istiqbolga ega, desak, toʻgʻri boʻladi.

Qadrli mehmonlar!

Energetika sohasida erishayotgan ulkan yutuq va marralarimizda sizlar kabi salohiyatli investorlar va ishonchli sheriklarimizning beqiyos hissasi bor.

Fursatdan foydalanib, yurtimizga katta sarmoya kiritayotgan va eng ilgʻor texnologiyalarni olib kelayotgan Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy janoblariga, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor janoblariga, Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbozov janoblariga, Qirgʻiz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev janoblariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Turkiyaning “AKSA”, “Cengiz Enerji”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Xitoyning “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Ray”, Fransiyaning “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies”, Germaniyaning “Siemens Energy” va Qatarning “Nebras” kompaniyalariga, bundan tashqari, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari vakillariga chuqur tashakkurimni izhor etaman.

Aziz doʻstlar!

Bugun sizlar bilan birga soha rivojiga juda katta hissa qoʻshadigan, qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlarini ishga tushiramiz. Yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beramiz. Xususan, hududlarimizda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiyalar foydalanishga topshiriladi.

Ular toʻliq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya boʻladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkazamiz. Eʼtibor bering, bu – Oʻzbekiston aholisining yillik elektr energiya isteʼmoli toʻliq qoplanadi deganidir.

Eng muhimi, toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Bugun 1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimini ham ishga tushiryapmiz. Bu energiya eng koʻp isteʼmol qilinadigan tigʻiz vaqtlarda qoʻshimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Hozir foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan toʻxtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratamiz.

Aholiga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ortiq xonadonli, energiya tejamkor koʻp qavatli uy-joylar barpo etiladi.

AT, sunʼiy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yoʻnalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy super kompyuter klasteri va data-markazlar sonini koʻpaytiramiz.

Ayni paytda Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish boʻyicha ishlarni boshlaganini aytib oʻtmoqchiman.

Bunday keng koʻlamli ishlarimiz elektr energiyasiga boʻlgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi. Shu bois, yaqin kelajakdagi rejalarimizga qisqacha toʻxtalib oʻtaman.

Birinchidan, elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030-yilgacha qoʻshimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi.

Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushini 54 foizga yetkazamiz. Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida qiymati 3 milliard 300 million dollar boʻlgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yoʻldagi katta qadam boʻladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bogʻlash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning oʻzida 1 ming kilometr tarmoqlar oʻtkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qoʻshimcha quvvatlar yaratiladi.

Ikkinchidan, biz elektr energiyasi generatsiyasi yoʻnalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etishda katta tajriba orttirdik.

Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni isteʼmolchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qoʻllashni boshladik. Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish boʻyicha Turkiyaning “Aksa Electric” kompaniyasi bilan kelishuvga erishdik. Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yoʻqotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili oʻrtacha 20 million dollar tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvini ham investorlarga taklif etamiz.

Uchinchidan, aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarimizni jadal davom ettiramiz.

Yangi yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari oʻrnatiladi. Bu ijtimoiy loyiha keng joriy etilib, 30 mingta kambagʻal oilaga “yashil” energiya kirib boradi. Ular oʻz ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.

Tadbirkorlarimiz ham suv resurslaridan unumli foydalanib, bu yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurdilar. Natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishdi.

Kelgusi yilda 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr taʼminoti tubdan yaxshilanadi.

Toʻrtinchidan, yaqinda Braziliyada oʻtgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz oʻz tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Yaʼni 2035-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qoʻydik.

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “ICRAFT” loyihasini boshladik. Uning doirasida Oʻzbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Bunda karbon krediti tizimini yoʻlga qoʻyib, xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishdik.

Taʼkidlash oʻrinliki, shu yilning oʻzida 17 ta yirik sanoat korxonamiz “yashil” energiya boʻyicha xalqaro sertifikatlar tizimiga oʻtdi. Ular ishlab chiqarishning 30 foizini “toza” energiyaga oʻtkazgani hisobiga xalqaro bozorlarda mahsulotlarining jozibadorligi keskin oshmoqda. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning sonini 100 taga yetkazamiz.

Beshinchidan, soʻnggi yillarda generatsiya quvvatlarini sezilarli ravishda koʻpaytirganimiz hisobiga qoʻshni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish boʻyicha sheriklikni mustahkamladik.

Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirgʻiziston va Qozogʻiston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz.

Shu oʻrinda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish boʻyicha “yashil yoʻlak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozogʻiston rahbariyatining qatʼiy saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etmoqchiman.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy oʻsishni taʼminlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini albatta toʻliq barpo etamiz.

Soʻzimning yakunida mazkur loyihalarda faol ishtirok etayotgan energetika sohasi vakillariga, barcha ishchilar, muhandislar va xorijlik hamkorlarimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga sihat-salomatlik ulkan kuch-gʻayrat va omadlar tilab qolaman.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo