icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi

16.12.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-dekabr kuni Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Avvalo, poytaxtda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Soʻnggi yillarda shaharda ulkan oʻzgarishlar roʻy bergani taʼkidlandi.

Oʻtgan toʻqqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi.

Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va koʻngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining soni 3 mingdan oshdi.

Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yoʻnalish ochildi. Qoʻshimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.

Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi toʻqqiz yilda 2,5 barobar oʻsib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga koʻpaydi.

Natijada kambagʻallik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Yaʼni Toshkent shahrida kambagʻallik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi.

Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili oʻrtacha 100 mingdan koʻpayib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirish reja qilingan.

Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, shunday megapolislarda rahbar boʻlgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish boʻyicha taklif maʼqullandi. Ularning koʻp yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilgʻor texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hali yechimini kutayotgan masalalar koʻpligini qayd etib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

– Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar masʼullari yondashuvini oʻzgartirishi zarur.

– 2026-yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari oʻsishi” yili boʻladi. Bu gʻoyani roʻyobga chiqarish boʻyicha katta dastur amalga oshiriladi, – dedi Prezidentimiz.

Poytaxt tumanlari 3 ta yoʻnalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritish maqsadi belgilandi.

Xususan, Sergeli, Yangihayot, Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika sohalari “oʻsish nuqtasi” boʻladi. Jumladan, kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr boʻlgan 70 million dollarlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi.

Yangihayotdagi “Yangi avlod” sanoat zonasida elektrotexnika, toʻqimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida 2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar yer hisobidan kengaytiriladi. Buning hisobiga umumiy qiymati 3 milliard dollarlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi.

Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yoʻnalishlariga aylanadi.

Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sunʼiy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va taʼlim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Joriy yilda shahardagi 26 ta koʻcha tun-u kun ishlaydigan koʻchalarga aylantirildi. Bu koʻchalarda 1 ming 200 ta savdo-servis obyektini joylashtirish hisobiga 5 ming aholi daromadli boʻldi. Kelgusi yilda yana 18 ta shunday koʻcha tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kunda poytaxtda 75 ta maktab va shuncha bogʻcha, 23 ta sport obyektlariga ehtiyoj bor.

Tuman hokimlari oʻzlari mablagʻ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bogʻcha va sport obyektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bogʻcha hamda 11 ta sport obyekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi.

Shu yildan Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan maktabda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha “Toshkent tajribasi” boshlandi. Yaʼni 7-11-sinfdagi 1,5 ming oʻquvchi saralanib, ularni AT, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yoʻnalishlarda oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishiga qarab, oʻqituvchilariga 20 million soʻmgacha oylik maosh toʻlanyapti.

Bu tajribani kengaytirib, bunday maktablar sonini kelasi yili 24 taga, 2027-yilda esa 33 taga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Endi yirik megapolislar kabi poytaxtimizda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu markaz har bir koʻcha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yoʻl transport hodisasining oldini olish bilan shugʻullanadi.

Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga koʻchadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmogʻi bogʻlanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin boʻladi.

Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil toʻxtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyoʻlaklar qurish, 100 kilometr yoʻlni taʼmirlab, Yunusobod va Yashnobodda yoʻl oʻtkazgich va tonnel barpo etish topshirildi. Kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qoʻyildi.

Dunyoning yirik shaharlari kabi poytaxtimizda ham ekologiya masalasining dolzarbligi oshmoqda.

Poytaxtning 4 ta qismida sunʼiy koʻl va havzalar qurish loyihalarini tayyorlab, ishlarni boshlash topshirildi. 1-iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr koʻchalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bogʻ barpo qilish boʻyicha alohida dastur boshlanadi.

2026-yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirgʻoqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan oʻylash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Bektemir, Sergeli va Yangihayotdan oʻtgan Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qoʻshimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda “yashil belbogʻ”, 250 gektarda ichki yoʻllar, sayilgohlar, piyoda va veloyoʻlaklar qurilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Shahar drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi eʼlon qilindi. Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni taʼmirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan.

Yomgʻir suvini yigʻadigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sugʻorishga ishlatiladi.

Poytaxtning barcha kommunal tashkilotlari va favqulodda xizmatlar tun-u kun ishlashga oʻtib, avariyaviy holatlarning oldini olish va tezlik bilan bartaraf etish bilan shugʻullanishi, jamoat xavfsizligini taʼminlash ishlarini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Poytaxt – davlatning siyosiy, maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish boʻyicha oʻziga xos yondashuvlar boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy budjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda boʻsh mablagʻlarni depozitga qoʻyishga ruxsat etish taklif qilindi.

Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “Oʻzbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.

“Mahalla yettiligi”ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

2026-yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – “mahalla yettiligi” toʻliq shahar hokimligi ixtiyoriga oʻtadi.

– “Yettilik” hisobotlar bilan emas, balki odamlarning ogʻirini yengil qilish bilan shugʻullanishi zarur, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo