18.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniMamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini taʼminlashdagi rolini yanada oshirish maqsadida, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga muvofiq qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishning ustuvor maqsadlari etib belgilansin:
(a) fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish, ularning buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash imkoniyatlarini kengaytirish;
(b) fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari (shikoyatlari)ni koʻrib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va ovoragarchiliklarni bartaraf etish;
(v) Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini kengaytirish orqali ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan taʼsirchan konstitutsiyaviy nazorat oʻrnatish;
(g) konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali Konstitutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflikni oshirish.
II. Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oshirish
2. Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotida (keyingi oʻrinlarda – Axborot) qayd etiladigan taklif va tavsiyalarni amaliyotga joriy etishning samaradorligi va natijadorligini oshirishga oid Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudning quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Axborotda qayd etilgan taklif va tavsiyalarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasini Oliy Majlis palatalari kengashlarining qoʻshma qarori bilan tasdiqlash hamda uning amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
(b) masʼul davlat organlari tomonidan Oliy Majlis palatalari kengashlari tasdiqlagan chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan belgilangan muddatlarda Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudga axborot kiritish.
3. Konstitutsiyaviy sudning murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini yanada takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berilsin:
(a) Konstitutsiyaviy sudga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilish huquqi subyekti boʻlmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan Konstitutsiyaviy sudga taalluqli masala yuzasidan yoʻllangan murojaatni Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyektga yuborish;
(b) Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyekt tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxsning murojaatidagi masala Konstitutsiyaviy sudga kiritilmagan holatlarda muallifga uning murojaatidagi masalani Konstitutsiyaviy sudga kiritishga asos mavjud emasligini tushuntirgan holda xabar berish va Konstitutsiyaviy sudga axborot taqdim etish amaliyotini joriy etish.
4. Konstitutsiyaviy sud (M. Abdusalomov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-iyunga qadar fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, xulosa va qarorlarni qabul qilish kabi protsessual masalalarni oʻz ichiga olgan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni tartibga soluvchi konstitutsiyaviy qonun loyihasini kiritsin.
5. Konstitutsiyaviy sudning konstitutsiyaviy shikoyat instituti samaradorligini oshirish va sud himoyasini taʼminlash borasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) muayyan ish boʻyicha sud tomonidan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilishi sud hujjatini oʻrnatilgan tartibda qayta koʻrishga;
(b) muayyan ish boʻyicha qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga Oliy sud tomonidan murojaat kiritilishi holatini sudda tegishli ish boʻyicha ish yurituvini toʻxtatishga asos sifatida belgilash.
III. Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish
6. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2026–2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini raqamlashtirish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
(a) sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqida “Sud xabarnomasi” elektron xizmati va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali Davlat byudjeti hisobidan elektron tarzda xabardor qilish;
(b) sud majlislari videokonferensaloqa rejimida, shu jumladan, mobil ilovadan foydalangan holda oʻtkazilishini taʼminlash;
(v) Konstitutsiyaviy sud faoliyati toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligini taʼminlash maqsadida fuqaro va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar koʻrsatadigan axborot tizimlarini yaratish;
(g) odil sudlovni amalga oshirishda zarur boʻlgan maʼlumotlarni fuqaro va yuridik shaxslarni ovora qilmagan holda vakolatli davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
(d) sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizim yordamida shakllantirish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining axborot tizimini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Konstitutsiyaviy sud axborot tizimini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi maʼlumotlar va boshqa hujjatlar Konstitutsiyaviy sudning elektron soʻrovi boʻyicha bepul asosda taqdim etiladi.
9. 2027-yil 1-avgustdan boshlab Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarga ega “E-KSUD” axborot tizimi sinov tariqasida joriy etilsin:
(a) Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish va murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish;
(b) fuqarolar va yuridik shaxslarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida interaktiv xizmatlar koʻrsatish;
(v) sud majlislarini jonli efirga uzatish imkoniyatini yaratish;
(g) nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
10. Belgilansinki, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirishda:
(a) dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida, Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlarning mablagʻlari;
(b) zarur kompyuter va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
11. “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator – “UZINFOCOM” MCHJ (keyingi oʻrinlarda – Yagona integrator) Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha tizim operatori etib belgilansin va unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
(a) Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan bogʻliq barcha jarayonlarni raqamlashtirish;
(b) “E-KSUD” axborot tizimini joriy etish, boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyasini amalga oshirish hamda Konstitutsiyaviy sudga mazkur yoʻnalishda har tomonlama amaliy yordam koʻrsatib borish.
12. Quyidagilarga:
(a) Yagona integratorga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidenti maqomini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida, sud faoliyati uchun dasturiy-apparat komplekslari, axborot tizimlari, muhandislik infratuzilmasi, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun zarur uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazib berish huquqi;
(b) Konstitutsiyaviy sudga:
(i) loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, dasturiy-apparat komplekslari, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmalarini ishlab chiqish, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun zarur uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazib berish boʻyicha Yagona integrator bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqi;
(ii) dasturiy-apparat komplekslari, axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar va muhandislik infratuzilmasiga oid loyihalarni bajarish doirasida uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy taʼminotni yetkazish va xizmatlar koʻrsatish yuzasidan Yagona integrator bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha 30 foizgacha miqdorda oldindan toʻlovni amalga oshirish huquqi berilsin.
IV. Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga oid tashkiliy masalalar
13. Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy-huquqiy va axborot-tahliliy jihatdan samarali taʼminlash maqsadida 2026-yil 1-yanvardan qoʻshimcha 8 ta shtat birligi ajratilsin.
14. Konstitutsiyaviy sudning “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi” emblemasi namunasini tayyorlash va undan foydalanish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) Konstitutsiyaviy sud devoni rahbari, ekspertlar guruhi rahbari va boʻlim boshliqlariga Oliy sud sudyasi, boshqaruv xodimlariga esa viloyat darajasidagi umumyurisdiksiya sudi sudyasi uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
(b) ushbu bandning “a” kichik bandidagi shartlar muqaddam sudyalik lavozimida ishlagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilib, ushbu shaxslarning shu lavozimlarda ishlagan vaqti sudyalik stajiga qoʻshiladi va pensiya tayinlashda hisobga olinadi.
16. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Konstitutsiyaviy sud xodimlarining mehnatga haq toʻlash fondiga quyidagilar kiritilsin:
(a) oʻz xizmat vazifasini vijdonan bajarayotgan hamda alohida muhim ishlarni amalga oshirayotgan xodimlarni ikki oylik lavozim maoshi miqdorida (alohida mehnat sharoitlari inobatga olingan holda) mukofotlash;
(b) lavozim maoshining bir baravari miqdorida (alohida mehnat sharoitlari inobatga olingan holda) yilda bir marotaba moddiy yordam puli;
(v) lavozim maoshining 15 foizi miqdoridagi (alohida mehnat sharoitlari, malaka darajasi va mansab darajasi uchun qoʻshimcha haq hamda mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti inobatga olingan holda) moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari.
17. Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 1-martga qadar Konstitutsiyaviy sudni alohida binoda joylashtirish, uni rekonstruksiya qilish va jihozlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
18. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A. Xaydarov) ushbu Farmonga asosan ajratilayotgan qoʻshimcha shtat birliklarini 2026-yildan boshlab moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti parametrlarida zarur mablagʻlarning nazarda tutilishini taʼminlasin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
20. Konstitutsiyaviy sud (M. Abdusalomov) Oliy sud (B. Islamov) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmon talablaridan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
21. Farmon ijrosini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev


