19.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida 19-dekabr kuni Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazavani qabul qildi.
Oʻzbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda qoʻshma loyihalarni ilgari surishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Yaponiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari jadal oʻsib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Soʻnggi yillarda qoʻshma korxonalar soni 10 baravar, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshdi.
Savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, muqobil energetika, karbonsizlantirish, oʻta muhim xomashyo kabi koʻplab sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish uchun vazirlar darajasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya tuzish muhim ekani taʼkidlandi.
Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) va MDH mamlakatlari bilan savdo boʻyicha assotsiatsiyasining (ROTOBO) faol ishtirokida ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.


