19.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka bilan muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Yaponiyaning ushbu yetakchi moliya instituti bilan keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda strategik sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalar doirasida mablagʻlarni oʻzlashtirish surʼati sezilarli darajada oʻsdi.
Loyihalar portfeli 8 milliard dollardan oshdi. Sogʻliqni saqlash, energetika, transport, taʼlim, sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yana 3 milliard dollardan ortiq qiymatga ega tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.
Tashrif doirasida iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi kelishuvlar imzolandi.
Yaponiya tomoni qoʻshma Inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini koʻp yillardan buyon qoʻllab-quvvatlab kelayotgani yuqori baholandi.
Agentlikning energetika sektorini rivojlantirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikka qarshi kurashish, ilgʻor muhandislik kadrlarini tayyorlash hamda “Bir qishloq – bitta mahsulot” loyihasi koʻlamini oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar Yaponiya investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasini tez fursatlarda ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari JICA bilan 2030-yilga qadar Yangi hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni oʻz vaqtida tayyorlash va ularning natijalari barqaror boʻlishini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.


