20.12.2025
Hurmatli Bosh vazir xonim oliyalari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Yaponiya Bosh vaziri Takaichi xonim oliyalariga “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” birinchi sammiti yuksak darajada tashkil etilgani, goʻzal va joʻshqin Tokioda koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun bildirilayotgan chuqur minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.
Taʼkidlashni istardimki, bundan 20 yil muqaddam aynan kunchiqar yurt ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori boʻlgan edi. Ushbu qaror strategik jihatdan naqadar muhim va toʻgʻri boʻlganini vaqtning oʻzi koʻrsatmoqda.
Ushbu sammitimiz, hech shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega va hamkorligimizda yangi sahifa ochmoqda.
Bizning Yaponiya bilan yaqin savdo va madaniy aloqalarimiz Buyuk ipak yoʻli davridan rivojlana boshlaganini qayd etishni istar edim. Yaponiyaning qadimiy poytaxti Nara shahri, Siz tugʻilgan maskan, hurmatli Bosh vazir xonim, ushbu yoʻldagi eng muhim markazlardan biri boʻlgan.
Bizni oʻxshash anʼana va urf-odatlar, maʼnaviy, madaniy va oilaviy qadriyatlar ham yaqinlashtirib turadi.
Bularning barchasi Markaziy Osiyo va Yaponiya oʻrtasida koʻpqirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanadi.
Hurmatli Takaichi xonim!
Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganidan keyingi davr mobaynida Yaponiya ishonchli hamkorimiz boʻlib kelayotganini, mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, infratuzilma, sanoat va energetika bazasini modernizatsiya qilish, fan va taʼlim hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshayotganini yuksak qadrlaymiz.
Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiyaning mintaqa hayotida yanada keng va faol ishtirok etishidan manfaatdor. Va bu borada bizda taqdim etadigan takliflar bor.
Mintaqamiz tabiiy resurslarga boy, jahondagi transport, savdo va energetika yoʻnalishlari chorrahasida joylashgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining oʻsishi 5-6 foizni tashkil etmoqda va bu surʼat yaqin yillarda ham saqlanib qoladi.
Bugungi kunda mintaqada kechayotgan yaqinlashish va integratsiyaning faol jarayonlari Yaponiya bilan kooperatsiya uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Hurmatli Bosh vazir xonim, Markaziy Osiyo bilan strategik munosabatlarni rivojlantirish borasidagi qatʼiy intilishingiz uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan yangi marralarga erishamiz. Donishmand yapon xalqi aytganidek, “agar kuchlar birlashtirilsa, togʻlarni ham oʻz oʻrnidan siljitish mumkin”.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugun mamlakatlarimiz oʻrtasida sheriklikni rivojlantirish boʻyicha ilgari surilgan muhim tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.
Hamkorligimizni strategik muhim yoʻnalishlarda mustahkamlashga qaratilgan Tokio deklaratsiyasi qabul qilinganini olqishlayman.
Oʻz navbatida, “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” formatida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qarashlarimizni bayon etishni istar edim.
Birinchidan, sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta oʻtkazishni taklif etamiz. Bu hamkorligimizga qoʻshimcha kuchli turtki bagʻishlashga xizmat qiladi. Navbatdagi bunday uchrashuvlarimizdan birini Oʻzbekistonda qabul qilishga tayyormiz.
Yaponiyaning adliya va huquq sohasida hamkorlik boʻyicha yangi doimiy mexanizmini yaratish va kelgusi yili Tokioda adliya vazirlarining birinchi uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Ikkinchidan, “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz.
Ushbu hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish boʻyicha aniq dastur va loyihalarni kiritish mumkin boʻladi.
Yangi gʻoya va takliflarni ishlab chiqish, hamkorlikning keng koʻlamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini taʼsis etish muhimdir. Muzokaralar uchun platforma taqdim etish va forumning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda chaqirishga tayyormiz.
Uchinchidan, Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishini olqishlaymiz.
Ishonaman: Markaziy Osiyoning boy tabiiy va kadrlar resurslarini Yaponiyaning sanoat va texnologik salohiyati bilan birlashtirib, bir-birimizni toʻldirish va kuchaytirish boʻyicha samaraga erisha olamiz.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning infratuzilmalari va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etishni taklif qilamiz. Uning bazasida mintaqada yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari, muhandislik standartlari va ekspertizasini jalb etishga qaratilgan “Sifatli infratuzilma” boʻyicha dasturni ishga tushirish mumkin.
Shuningdek, Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmogʻi – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini yaratishni taklif etamiz. Texnoparklar tarmogʻini mintaqadagi har bir mamlakatning xomashyo va sanoat sohasidagi imkoniyatlaridan kelib chiqib, taqsimlash mumkin.
Toʻrtinchidan, bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy oʻsish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib bormoqda.
Yaponiya kompaniyalari raqamli iqtisodiyot segmentlari – sanoatni avtomatlashtirish, robototexnika, boshqaruvning intellektual tizimlari, yangi avlod bulutli va telekommunikatsiya platformalari sohalarida jahonda yetakchidir.
“Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sunʼiy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida koʻptomonlama hamkorlik platformasini yaratishni taklif etamiz.
Beshinchidan, Yaponiya zamonaviy va ishonchli transport infratuzilmasini yaratishda katta tajribaga ega boʻlib, mintaqada tranzit va logistika tarmogʻini rivojlantirishda muhim sheriklardan biriga aylanishi mumkin.
Biz tezyurar poyezdlar va avtomobil yoʻllarini barpo etish, transport yoʻlaklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlarining koʻmagini jalb etishdan manfaatdormiz.
Bu borada Toshkent yangi xalqaro aeroportini qurishda “Sojitz LLC” kompaniyasi bilan muvaffaqiyatli hamkorligimizni taʼkidlashni istar edim.
Oltinchidan, Yaponiya zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni toʻliq bartaraf etishga erishish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda jahondagi yetakchi davlatdir.
Biz Oʻzbekistonda zaharli gazlarni chiqarishni 2035-yilga borib 50 foizga qisqartirish, 2030-yilgacha umumiy generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilib qoʻyganmiz.
Energetik oʻtish va “yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish, kogeneratsiya, yoʻqotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish va foydalanish texnologiyalarini joriy etish kabi aniq loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz.
Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifini ilgari suramiz.
Yettinchidan, mamlakatlarimiz tomonidan qabul qilingan Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini amalga oshirishda oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirishni muhim deb hisoblaymiz. Ushbu dastur Yaponiyaning “Yashil transformatsiya” tashabbusi bilan uygʻundir.
Mintaqada havo sifatini yaxshilash boʻyicha atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni monitoring qilish, filtrlash va kamaytirish, aholi uchun yanada barqaror va xavfsiz ekologik muhitni yaratish uchun ilgʻor yechimlarni qoʻllashga qaratilgan qoʻshma dasturni ishga tushirish, Iqlim oʻzgarishi bilan kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, Orolboʻyi ekologik muammolarini hal qilishga koʻmaklashish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni qamrab oladigan qoʻshma harakatlar dasturini qabul qilish, Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etishni taklif etamiz.
Sakkizinchidan, Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, Seysmik barqarorlikni baholash va oshirish boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish tarafdorimiz.
Maqsad – yapon ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyoning yirik shaharlarini kompleks seysmik tekshiruvdan oʻtkazish, seysmik barqarorlikni oshirish yuzasidan “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish, Yaponiya modeli asosida oldindan ogohlantirish tizimlarini ishga tushirishdir.
Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari boʻyicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochishni taklif etamiz.
Toʻqqizinchidan, Yaponiyaning taʼlim va malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi koʻmagini yuksak baholaymiz. Taʼlim, ilmiy va akademik almashuvlarni bundan buyon ham kengaytiramiz va qoʻllab-quvvatlaymiz.
Oʻzbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida taʼlim vazirlarining birinchi yigʻilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini oʻtkazishni taklif etamiz.
Yoshlar hamjamiyatlari oʻrtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirish, ularning ijodiy, texnologik va professional salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturlarini qabul qilish tarafdorimiz.
Madaniyat, sanʼat va turizm festivallarini doimiy oʻtkazib borish xalqlarimiz oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Osakadagi “EKSPO” Butunjahon koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilyoni Oltin mukofotga sazovor boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etishni istar edim. Biz bunday tadbirlarda bundan buyon ham faol ishtirok etamiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Bizning uchrashuvimiz jahon siyosatida jiddiy oʻzgarishlar kechayotgan, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayayotgan va yirik davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch zaiflashayotgan davrda oʻtmoqda.
Bunday sharoitda tinchlikni saqlash va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizni birlashtirish alohida ahamiyatga egadir.
Afgʻoniston oʻzaro hamkorligimizning yana bir muhim yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Uni tinch, barqaror va bunyodkor rivojlanish sari borayotgan mamlakat sifatida koʻrish borasidagi bizning intilishlarimiz yakdildir.
Afgʻon xalqini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻp yillardan buyon yetakchi donor va sherik mamlakatlar qatorida boʻlib kelayotgan Yaponiyaning izchil pozitsiyasini yuksak baholaymiz.
Ishonchim komilki, bizning birgalikdagi harakatlarimiz va umumiy hissamiz ushbu mamlakat aholisi turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanish, shuningdek, Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Hurmatli doʻstlar!
Soʻzimning yakunida kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha qarorlarni qoʻllab-quvvatlashimni bildiraman.
Aminmanki, bugun ilgari surilgan tashabbuslarning roʻyobga chiqarilishi muloqotimiz rivojiga amaliy hissa qoʻshadi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlidagi hamkorlikning salmoqli salohiyatidan unumli foydalanishga xizmat qiladi.


