icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqi

21.12.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga mehmondoʻstlik va bugungi uchrashuvimizni aʼlo darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Belarus tomonining, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Grigoryevich Lukashenkoning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga samarali raisligini alohida qayd etmoqchiman. Bu davrda koʻp tomonlama amaliy hamkorlik yangi surʼat kasb etdi.

Global bozorlarning tobora parchalanib borayotgani, logistika zanjirlarining murakkablashayotgani va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvor yoʻnalishlarning oʻzgarayotgani sharoitida biz uchun strategik va tabiiy sheriklarimiz boʻlgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan pragmatik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish prinsipial ahamiyat kasb etmoqda.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlikning soʻnggi toʻrt yilida Oʻzbekistonning YOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshdi.

Iqtisodiy aloqalar tarkibida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani, kooperatsiya loyihalari kengayib borayotgani barqaror surʼat koʻrsatayotgani ayniqsa muhimdir.

Bu hamkorlarimiz ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlashdan chinakam manfaatdorligini aks ettiradi.

Oʻzbekiston Yevroosiyoning asosiy formatlarida faol ishtirok etmoqda.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, agrar sanoat va transport sohalarida 40 ga yaqin aniq tadbirlarni oʻz ichiga olgan uch yillik reja amalga oshirilmoqda.

Qoʻshma Ishchi guruh formatidagi ishlar davom etmoqda: uning beshinchi yigʻilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, YOIIning elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha tarmoq dasturlarida ishtirok etmoqdamiz.

Oʻzbekiston va YOII bojxona chegaralari orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida axborot almashish toʻgʻrisida bitim tuzish boʻyicha muzokaralarni boshlash haqidagi qaror qabul qilinganini olqishlaymiz.

Ishonchimiz komilki, transchegaraviy maʼlumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirish, kechikishlarni kamaytirish va transport tizimlarimizning Yevroosiyo yoʻlaklariga integratsiyalashga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilishi hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich boʻldi. Bank bilan birgalikda infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Hurmatli hamkasblar!

YOII bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi ustuvor yoʻnalishlarimizni qisqacha aytib oʻtmoqchiman.

Birinchi. Savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish asosiy vazifa boʻlib qolmoqda.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya meʼyorlari borasidagi yondashuvlarni yaqinlashtirish maqsadida MDH va YOII institutlari oʻrtasidagi muvofiqlashtirishni faollashtirish zarur deb hisoblaymiz.

Ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va bojxona maʼmuriyatchiligidagi tafovutlar bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal etish maqsadida tarif va notarif toʻsiqlar boʻyicha “Oʻzbekiston – YOII” qoʻshma muvofiqlashtiruvchi guruhini tuzishni taklif etamiz.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar roʻyxatini birgalikda shakllantirish zarur.

Oʻzbekistonning YTTBga qoʻshilishi munosabati bilan sheriklikning strategik yoʻnalishlarini birgalikda belgilab olish hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashni qamrab olgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Ishonchimiz komilki, Bank nafaqat moliyalashtirish manbai, balki integratsiya loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish katalizatoriga aylanishi mumkin.

Uchinchi. Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish niyatidamiz.

Raqamli platformalarni, jumladan, elektron tijorat va raqamli markirovkalashni oʻzaro bogʻlash boʻyicha YOIK bilan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashni taklif etamiz.

Bojxona maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish va yuk tashishning “choksiz” modeliga oʻtishni ham ustuvor vazifa sifatida koʻryapmiz.

Toʻrtinchi. Biz YOIIning biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika kabi yoʻnalishlarni qamrab oluvchi texnologik platformalariga qoʻshilishdan manfaatdormiz.

Beshinchi. Turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirishga ham qoʻshilishga tayyormiz.

Bunday yondashuv mamlakatlarimiz turistik mahsulotlarining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash imkonini beradi.

Hurmatli doʻstlar!

Oʻzbekiston YOII bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir.

Fursatdan foydalanib, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga Birlashmaga raislik Qozogʻistonga oʻtishi munosabati bilan muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchangizni va birodar xalqlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan yana bir bor samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo