29.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari elchining samarali faoliyatini hamda Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida taʼkidladi.
Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi va qoʻshma korxonalar soni jadal oʻsib bormoqda. Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshdi.
“Yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa ustuvor sohalarda loyiha hamda tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi. Joriy yilning oktabr oyida Saudiya Arabistonida Oʻzbekiston madaniyati kunlari yuqori saviyada oʻtkazildi. Mamlakatimiz Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan Xalqaro kitob koʻrgazmasida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Saudiya Arabistoni Hukumatiga fuqarolarimizning Haj va Umra amallarini ado etishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Yusuf al-Utaybiyga Oʻzbekiston – Saudiya doʻstlik va koʻp tomonlama sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun “Doʻstlik” ordenini topshirdi.
Elchi uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlik rivojini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etdi.


