13.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan soʻnggi yillarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi barcha dala oʻquv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda modernizatsiya ishlari olib borilib, ular xalqaro standartlarga moslashtirildi.
Maxsus boʻlinmalarni samarali tayyorlash maqsadida xalqaro tajriba va qoʻshinlarni tayyorlashning zamonaviy tendensiyalarini hisobga olib tashkil etilgan Maxsus operatsiyalar kuchlarining yangi poligoni mazkur ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Poligon obyektlarida shaxsiy tarkibning jangovar koʻnikmalarini takomillashtirish, tayyorgarlik mashgʻulotlarini samarali yoʻlga qoʻyish hamda maʼnaviy-ruhiy barqarorligini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi jangovar va maxsus tayyorgarlik mashgʻulotlarini tashkil qilishning yangi usullari bilan tanishdi. Qurolli Kuchlar boʻlinmalari bilan oʻtkazilayotgan mashqlarning faol bosqichini kuzatdi.
Oʻquv davomida turli qoʻshinlarga mansub boʻlinmalarning jangovar imkoniyatlari hamda ularning birgalikdagi harakatlarining muvofiqlashganlik darajasi, shuningdek, qoʻshinlar va qurol-yarogʻni boshqarishning yangi raqamli tizimlari namoyish etildi.
Turli jangovar operatsiyalarni oʻtkazishda uchuvchisiz uchish apparatlaridan samarali foydalanish usullari, shuningdek, turli xil oʻquv-jangovar vazifalarni bajarish jarayonida artilleriya, aviatsiya, havo hujumidan mudofaa va quruqlikdagi qoʻshinlarning birgalikdagi harakatlari koʻrsatildi.
Bunda kichik komandirlarning zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalari va boshqaruv mahorati darajasi, shuningdek, harbiy xizmatchilarning tez oʻzgarib borayotgan jangovar vaziyat sharoitida jang maydonida zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikani samarali qoʻllash boʻyicha kasbiy mahoratini baholashga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻquv yakunida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni boʻlinmalarning tayyorgarligi va ularning birgalikdagi harakatlarida erishilgan uygʻunlik darajasini yuqori baholadi.
Davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarning qoʻmondonlik tarkibi bilan boʻlgan suhbatda dunyoda xavfsizlikka tahdidlar avj olayotgan bugungi tahlikali kunlarda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning oʻzagini tashkil etishi kerakligini taʼkidladi.


