05.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Islomobod shahrida boʻlib oʻtgan Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Mamlakatimiz yetakchisi soʻzining avvalida Pokistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va oʻtkazilgan samarali muzokaralar uchun ushbu mamlakat hukumati rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Jadal rivojlanayotgan Pokiston Oʻzbekistonning ishonchli strategik sherigi ekanligi alohida taʼkidlandi. Pokiston Bosh vaziri rahbarligida xalq farovonligini oshirish, iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish va mamlakatning xalqaro mavqeini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekistonni xursand qilayotgani aytildi.
Shuningdek, ushbu tashrif Oʻzbekiston – Pokiston strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilganining besh yilligida oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Soʻnggi besh yilda oʻzaro savdo 2,5 baravarga, qoʻshma korxonalar va loyihalar soni esa qariyb 3 baravarga oshdi. Yaqin kelajakda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyildi. 3,5 milliard dollarlik istiqbolli savdo va investitsiya bitimlarining portfeli shakllantirildi.
Muzokaralar yakunida Qoʻshma deklaratsiya va hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 30 ga yaqin muhim hujjat imzolandi.
Ertaga Pokistonning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtadi.
Mintaqaviy hamkorlikni izchil rivojlantirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini birgalikda mustahkamlashga intilish qatʼiy ekani bildirildi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Pokistonning mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini faol qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Pokistonning 2025-2026-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat aʼzosi sifatida tinchlik va xalqaro barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi.
Farmatsevtika, toʻqimachilik, elektrotexnika, togʻ-kon va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Transport va logistika aloqalarini rivojlantirish hamda biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida bu yil Oʻzbekistonda birinchi Hududlararo forumni oʻtkazishga qaror qilindi.
Bundan tashqari, birgalikda madaniyat haftaliklari va kinofestivallarni tashkil etish hamda buyuk mutafakkirlarning ilmiy-maʼrifiy merosini oʻrganish va ommalashtirish rejalashtirilmoqda.
Islomobod koʻchalaridan biriga Toshkent nomi berilgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildirildi.
Prezidentimiz, oʻz navbatida, Pokiston poytaxtida buyuk davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bogʻni bunyod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganini eʼlon qildi. Bu Pokiston xalqiga mamlakat mustaqilligi bayrami nishonlanishi arafasida munosib tuhfa boʻladi.
Mamlakatimiz yetakchisi Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori ilmiy unvonlari berilgani uchun Pokistonga alohida minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida barchani boʻlajak Pokiston kuni bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi.


