11.03.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan tadbirda tarmoqni “maqsad – harakat – natija” tamoyiliga asoslangan yangi strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimi asosida isloh qilish zarurligi ta’kidlandi. Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni belgilash topshirildi.
Jumladan, joriy yilda tarmoq mahsulotlari eksportini 720 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Qishloq xoʻjaligida rejalashtirilgan hosil hajmlarini taʼminlash uchun azotli oʻgʻitlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli oʻgʻitlarni 135 ming tonnaga, kaliyli oʻgʻitlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, tarmoq va hududlar tomonidan joriy yilda 9,5 milliard dollarlik 133 ta loyihani amalga oshirish doirasida 2,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Jumladan, kimyo sanoati korxonalari va hududlarda 24 ta strategik loyiha doirasida 1,3 milliard dollar investitsiyalarni oʻzlashtirib, 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish vazifasi belgilangan.
Shu bilan birga, Qo‘ng‘irot soda zavodida ishlab chiqarishni kengaytirish, “Samarqandkimyo” korxonasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Dehqonobod kaliy zavodi quvvatlarini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayoni tanqidiy ko‘rib chiqildi. Muddatlarning asossiz cho‘zilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga investorlar bilan birgalikda mazkur loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlashni ta’minlash topshirildi.
“Ammofos-Maksam” korxonasi faoliyati davomida toʻplangan fosfogips sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Ushbu chiqindidan qoʻshimcha mahsulotlar, jumladan, sulfat kislotasi ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, kimyo sanoatini strategik rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy va texnologik infratuzilmani shakllantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Xususan, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Mazkur markaz gaz va koʻmir kimyosi, chuqur kimyoviy tahlil, sorbentlar, katalizatorlar, nano va kompozit materiallar kabi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashadi va bu borada Markaziy Osiyodagi yagona ilmiy-tadqiqot instituti boʻladi.
Taqdimotda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni tashkil etish, “Fargʻonaazot”da ammiak, karbamid va ammiakli selitra quvvatlarini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot”da gʻovaksimon selitra, Toshkent viloyatida maishiy kimyo vositalari, Birinchi rezinotexnika zavodida yangi turdagi shinalar ishlab chiqarish loyihalarining borishi haqida ham maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida loyihalarning boshqarish samaradorligini oshirish rejalari koʻrib chiqildi.
Jumladan, jamiyat va uning tizimidagi korxonalarda ERP tizimi joriy qilinib, 21 ta vazirlik va idoralar hamda xarid operatorlari bilan integratsiya qilindi, 16 ta axborot tizimi yagona raqamli platformaga birlashtirildi. Moliyaviy holatni tahlil qilish va prognozlash, mineral oʻgʻitga ehtiyojni bashorat qilish jarayonlariga bosqichma-bosqich sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, mineral oʻgʻitlarning korxonadan fermergacha harakatidagi barcha jarayonlarni raqamli nazorat bilan qamrab olish koʻzda tutilgan.
Hisob palatasi bilan birgalikda energiya resurslarini tejash, xomashyo xarajatlarini qisqartirish va raqamlashtirish chora-tadbirlari orqali kimyo sanoatida mahsulot tannarxini 10-15 foizgacha pasaytirish vazifasi qoʻyildi.
Yakunda davlatimiz rahbari kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, muammoli masalalarni tezkor hal qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.


