17.03.2026
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Avvalo, sizlarni, joylardagi studiyalar orqali bugungi iftorlik marosimida ishtirok etayotgan hurmatli nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillarini, butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Shu ulug‘ ayyom kunlariga barchamizni tinch-omon, sog‘-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukurlar bo‘lsin!
Mehr-oqibat va ezgulik ramzi bo‘lmish Ramazon oyida hammamiz birgalikda ko‘plab savobli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Davlat va nodavlat tashkilotlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi, Musulmonlar idorasining “Vaqf” jamg‘armasi, hududlardagi “Inson” markazlari, saxovatli tadbirkorlarimiz tomonidan keksa va nogironlar, kam ta’minlangan oilalarga, ko‘makka muhtoj insonlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Tibbiyot bo‘linmalari olis va chekka hududlarimizga borib, ayollar, bolalar va nuroniylarimizni ko‘rikdan o‘tkazmoqda, og‘ir bemorlar operatsiya yo‘li bilan davolanmoqda.
Mana shunday fayzu barakali kunlarda mamlakatimiz miqyosida iftorlik tadbirlarini o‘tkazish ham yaxshi an’anamizga aylandi.
Albatta, bularning barchasi jamiyatimizda inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va umummilliy birlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugungi iftorlik marosimida yurtimizdagi turli millat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgani ham shundan dalolat beradi.
Hozirgi g‘oyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulug‘ va bebaho ne’mat ekanini, 38 milliondan ziyod aholimizning yagona xalq, ahil bir oila bo‘lib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Davramizda O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashayotganini biz dinimizning gumanistik va bag‘rikenglik qadriyatlariga, davlatimizning ochiqlik siyosatiga hurmat-e’tibor ifodasi sifatida qabul qilamiz va ularga samimiy tilaklarimizni bildiramiz.
Qadrli vatandoshlar!
Bugungi Ro‘zai Ramazon kunida barchamiz yana bir tom ma’noda tarixiy voqeada ishtirok etmoqdamiz. Xalqimizning aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ulug‘vor va noyob majmua – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimini o‘tkazmoqdamiz.
Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-ma’rifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.
Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!
Muhtaram do‘stlar!
Biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim, degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Zero, muqaddas dinimiz ham bizni doimo ilmu ma’rifatga da’vat etadi. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga Qur’oni karimning “Iqra!” – ya’ni, “O‘qi!” degan muborak oyatini muhrlab qo‘ydik. Bu ilohiy so‘zlar zamirida islom dinining asl ma’no-mazmuni mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Xabaringiz bor, bundan to‘qqiz yil oldin mazkur majmuani barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilib, amaliy ishlarni boshladik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilingan bu ezgu tashabbusimiz jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Biz bu har jihatdan ulkan loyihani amalga oshirish uchun shoshilmadik, yetti emas, yetmish marta o‘ylab, uzoqni ko‘zlab, tinimsiz izlandik. Nihoyat, qadimdan Toshkenti azimning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida, ko‘rib turganingizdek, betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega bo‘lgan sharqona shaharcha barpo etildi.
Ushbu Markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini bir paytning o‘zida yagona ma’rifiy makonda ko‘rish, shu asosda o‘zbek xalqining intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash mumkin.
Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, o‘zining qanday ulug‘ meros egasi ekanini his etib, qalbi g‘urur va iftixorga to‘ladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Azaldan turli sivilizatsiya va madaniyatlar tutashgan mintaqada joylashgan yurtimiz zamini Buyuk ipak yo‘li rivojida muhim o‘rin egallagan. Ko‘hna diyorimiz islomgacha bo‘lgan davrda ham ilm-fan, ma’rifat markazi sifatida shuhrat qozongan. Qadimiy Turkiston o‘lkasiga islom dini kirib kelgach, bu yerda hadis va kalom ilmi, musulmon huquqi, tasavvuf bo‘yicha yirik maktablar shakllandi, o‘nlab buyuk allomalar yetishib chiqdi.
Aniq va tabiiy fanlar sohasida o‘z kashfiyotlari bilan jahonni hayratga solgan ulug‘ olimlarimiz asarlari ham islomiy muhit bag‘rida vujudga kelgan. Dunyoga mashhur bu kitoblar “Bismillohir rahmonir rahim”, degan ilohiy so‘zlar bilan boshlangani ularning muqaddas dinimizdan ilhom va kuch olib yaratilganini bildiradi. Nafaqat bizning yurtimiz, balki bepoyon mintaqamizning ma’naviy mulki bo‘lgan ana shunday bebaho boylikni chuqur o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi, degan nom ostida birlashtirishga qaror qildik.
Albatta, hozirgi murakkab va og‘ir sharoitda bunday yirik majmuani eng yuksak zamonaviy talablar darajasida yaratish oson bo‘lmadi.
Biz Markaz qurilishini ilmiy tadqiqot va izlanish ishlari bilan barobar ravishda olib bordik. O‘tgan davrda ko‘hna merosimizga oid, bizga umuman noma’lum bo‘lgan qancha-qancha noyob ma’lumotlarni kashf etdik.
Xalqaro ekspertlar e’tirof etganidek, bugun O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha o‘ziga xos katta ilmiy maktab yaratishga erishdik. Naqadar katta imkoniyatlarimiz, intellektual salohiyatimiz borligini dunyoga namoyon eta oldik.
Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi.
Ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgan bo‘lib, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda “O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud.
Albatta, ularning har biri haqida uzoq gapirish mumkin.
Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish bo‘yicha ham katta ishlar qilindi. O‘tgan yilning o‘zida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qo‘lyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgani ham shundan dalolat beradi.
Ayni vaqtda xorijiy auksion uylari, yirik kolleksioner va art dilerlar bilan hamkorlik o‘rnatilib, 743 ta eksponatning original, ya’ni, asl nusxalari yurtimizga keltirildi.
Bunday ishlar ilgari tariximizda bo‘lmagan edi.
Bu eksponatlarning har biri – buyuk o‘tmish va madaniyatimiz, milliy o‘zligimiz timsoli ekanini ta’kidlash lozim. Ularning barchasi zamonlar sinovidan mardona o‘tib kelayotgan xalqimiz, millatimizning ongu tafakkuri, bunyodkorona mehnati, noyob mahorati haqida so‘zlaydi.
Tarix tilga kirgan, tarixdan saboq olingan joyda, albatta, bilim va ma’rifat, taraqqiyot va adolat bo‘ladi. Hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashilmaydi!
Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi – bu, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy 6 ta Qur’oni karimning biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon mus'hafi bugun o‘zining yuksak maqomiga munosib sharafli o‘rin topdi.
Shuningdek, ushbu zalda turli davrlarga oid nodir Qur’on qo‘lyozmalari ham jamlangan. Shu muborak kunda barchamiz, Xudoning inoyati bilan, mana shunday noyob va muqaddas Usmon Qur’onining ilohiy sharofati bilan yurtimiz doimo tinch-osoyishta bo‘lsin, hayotimiz qut-barakaga to‘lsin, deb duo qilamiz.
Qadrli do‘stlar!
Islom sivilizatsiyasi markaziga 2025 yilning o‘zida minglab xorijiy mehmonlar tashrif buyurgani uning hozirdanoq jahon miqyosida katta qiziqish va e’tibor uyg‘otayotganini tasdiqlaydi. Mehmonlar orasida bir qator davlatlar prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputatlar, senator va lordlar, vazirlar va elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari borligini ta’kidlash lozim.
Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa qator mamlakatlardan yuksak malakali mutaxassislar ham faol ishtirok etishdi.
Ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan loyihachi va quruvchilarga, mohir muhandislar, olimu ulamolarga, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati a’zolariga, barcha fidoyi insonlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Bunday yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini ko‘rsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytaman. Xususan, birinchilar qatorida tashabbus ko‘rsatib, zarur mablag‘, g‘oya va noyob tarixiy eksponatlar taqdim etgani uchun hurmatli vatandoshimiz, mashhur metsenat va biznesmen Alisher Burhonovich Usmonovga samimiy tashakkur izhor etaman.
Xalqimiz bunday olijanoblik, saxovat va e’tiborni yuksak qadrlaydi.
Bu ulug‘ ishga qo‘shgan hissangizni hech qachon unutmaymiz.
Katta rahmat Sizga!
Aziz yurtdoshlar!
Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida bo‘lmasin, tariximizga tegishli bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, bitta eksponat bo‘lsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani o‘rtaga qo‘ygan edim. Ming shukurki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz.
Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalarni aniqlash va o‘rganish uchun yana xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etamiz. Buning uchun zarur mablag‘ va imkoniyatlarni topamiz. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlarni jalb etamiz.
Markaz faoliyatini keng miqyosda yo‘lga qo‘yish maqsadida bu yerda AYSЕSKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etdik. Endi ular bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz.
Markazda muqaddas dinimizning ezgu qadriyatlarini asrab, diniy-ma’rifiy soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining yangi qarorgohiga ega bo‘ldi.
Bu dargohda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar, imom-xatiblarning malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishlarini tashkil etish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiqdir.
Biz yaqin kelgusida BMT qarorgohida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarining taqdimotlarini ham o‘tkazamiz.
Muxtasar aytganda, ushbu Markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi.
Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak.
Bu – barchamizning ezgu niyatimizdir.
Markaz o‘zining mana shunday tarixiy missiyasini yuksak saviyada ado etishi uchun men ilm-fan va ma’naviyat fidoyilariga – hurmatli olim va tadqiqotchilarga, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlarga, ijodkor yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:
Islom sivilizatsiyasi markazida to‘plangan har bir eksponat qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi tushunasiz. Ularni targ‘ib etish, xalqimizga, dunyoga tanitishda ham, avvalo, sizlarga tayanamiz.
Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va ko‘rsatuvlar: uch ming yillik tarix va madaniyatning so‘nmas ovozi bo‘lib dunyoga taralsin!
Yangi O‘zbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat diyori sifatida olamga tarannum etsin!
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy g‘urur maktabiga aylansin!
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
O‘z davrida Mir Alisher Navoiy bobomiz Mirzo Ulug‘bekning o‘lmas merosi dunyo turguncha tursin, deb tilak bildirgan edi. Bizning ham orzu-maqsadimiz shunday: Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimizga, jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qilsin!
Mana shunday ulug‘ ishlarning bunyodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Muqaddas Ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimiz, qilayotgan ibodatlarimiz dargohida qabul bo‘lsin!
Yaratgan Parvardigor xalqimizni, Vatanimizni o‘z panohida asrasin!
Barchangizga katta rahmat, doimo sog‘-omon bo‘linglar!


