27.03.2026
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualari bilan tanishdi.
Ark qoʻrgʻoni Buxoroning qadimiy qalʼasi boʻlib, qariyb 1500 yil davomida hukmdorlar qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Uning dastlabki binolari miloddan avvalgi IV-III asrlarga mansub boʻlib, hozirgi koʻrinishi asosan XVI asrda shakllangan. Ilgari u saroylar, maʼmuriy binolar, qurolxonani oʻz ichiga olgan “shahar ichidagi shahar” boʻlgan. Oʻrta asrlarda bu yerda Rudakiy, Ibn Sino va keyinchalik Umar Xayyom kabi buyuk mutafakkirlar yashab, ijod qilgani qayd etildi.
Poi Kalon majmuasi Buxoroning eng ulugʻvor va mashhur meʼmoriy ansambllaridan biri sifatida katta qiziqish uygʻotdi. U 1127-yilda qurilgan mashhur 45,6 metrli minora, 1514-yilda barpo etilgan va 12 ming kishini sigʻdira oladigan jome masjidi, shuningdek, islom olamining eng nufuzli taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Mir Arab madrasasini oʻz ichiga oladi. Masjid hovlisini oʻrab turgan 288 ta gumbazli galereya, yuzlab ustunlar va noyob akustika majmuaga alohida ulugʻvorlik bagʻishlaydi.
Labi Hovuz ansambli Buxoroda saqlanib qolgan oʻrta asrlarga oid sanoqli maydonlardan biri boʻlib, uning markazida qadimiy hovuz joylashgan. Asrlar davomida shahar aholisi bu yerga dam olish, suhbatlashish va savdo qilish uchun kelgan. Majmua tarkibiga Koʻkaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi.
Tojikiston yetakchisi har bir tarixiy obidaning badiiy uygʻunligi, milliy hunarmandchilik namunalari va tarixiy eksponatlarga katta qiziqish bildirdi. Oliy martabali mehmonga meʼmoriy uslubning oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, naqshlar va ramzlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Buxoroning boy tarixi, Buyuk ipak yoʻlidagi oʻrni, ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida hikoya qiluvchi bu qadamjolar Tojikiston delegatsiyasida chuqur taassurot qoldirdi.


