28.04.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifining ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi Investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Farg‘ona shahrida tashkil etilgan “Farg‘ona ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazi faoliyati viloyatning iqtisodiy salohiyatini keng namoyish etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish va investorlar uchun qulay servis muhitini yaratishga qaratilgan.
Markaz nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yaxlit muloqot maydonchasi vazifasini o‘tamoqda.Besh gektar maydonni egallagan majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini namoyish etish imkoniyati yaratilgan.
Yangi barpo etilgan 8 qavatli binoning dastlabki ikki qavati savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun ajratilgan. Yuqori qavatlar esa investorlar va biznes vakillari uchun ofis sifatida taqdim etiladi.
Markazda yil davomida 15 ta tarmoq yo‘nalishi bo‘yicha doimiy ko‘rgazma-yarmarka faoliyat yuritadi. Bu yerda davlat idoralari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va investorlar bir maydonda uchrashib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi.
Farg‘ona tajribasining samaradorligini inobatga olgan holda, bunday zamonaviy ko‘rgazma zallarini Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham barpo etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Farg‘ona shahrida investor va tadbirkorlar uchun joriy etilgan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi axborot tizimi” platformalari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, invest.gov.uz va pmi.miit.uz platformalari mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni yagona raqamli maydonda birlashtirib, investitsiya loyihalarini shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlarini ochiq va shaffof tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Yagona investitsiya platformasi “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydi. U orqali investor hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, tayyor investitsiya loyihalari bilan tanishadi, o‘ziga maqbul yo‘nalishni tanlaydi va shaxsiy kabinet orqali zarur jarayonlarni kuzatib boradi.
Investor loyiha bo‘yicha ishlarni mustaqil yuritishi yoki vakolatli konsultant xizmatidan foydalanishi mumkin. Yuborilgan so‘rovlar Investitsiya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashgan platformada aks etadi. Har bir bosqich bo‘yicha muddatlar avtomatik belgilanadi, ijro mas’ul menejer tomonidan nazorat qilinadi.
Kechikish yoki muammoli holatlar yuzaga kelganda, masala Hukumat komissiyasi muhokamasiga kiritilib, tezkor qaror qabul qilinadi. Bunday raqamli yechimlar tadbirkorlar uchun qulaylik yaratib, investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.
Farg‘ona viloyatida investorlar va konsalting tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu yangi loyihalarni shakllantirish, ularni moliyaviy va tashkiliy jihatdan puxta tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Prezidentga viloyat uchun taklif etilayotgan qator yirik investitsiya loyihalari taqdim qilindi. Jumladan, Xitoy bilan hamkorlikda “Yevrosiyo xalqaro savdo markazi”ni barpo etish, Janubiy Koreya bilan biopellet ishlab chiqarish va issiqlik energiyasi stansiyasini tashkil etish, Turkiya bilan zamonaviy tibbiyot klasterini shakllantirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyiha taqdim etildi.
Viloyatda 5 yulduzli mehmonxona va zamonaviy kongress-xoll qurish, Quvasoy shahrida yangi formatdagi istirohat bog‘ini tashkil etish, elektromobillar uchun akkumulyator ishlab chiqarish kabi istiqbolli tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari markazda Farg‘ona viloyatining sanoat va xizmat ko‘rsatish salohiyatiga oid ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Hunarmandchilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, charm-poyafzal va zargarlik sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
Ikkinchi yirik zalda oziq-ovqat sanoati, ekologik transport, neft-gaz tarmog‘i, mebelsozlik, farmatsevtika va kimyo sanoatiga oid mahsulotlar taqdimoti tashkil etildi. Bu ko‘rgazmalar hududda ishlab chiqarish tarmoqlari keng qamrovda rivojlanayotganini namoyon qildi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari xorijiy tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Investitsiya loyihalarini jadallashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, oltinni qayta ishlash fabrikasi faoliyatini kengaytirish, zamonaviy kabel ishlab chiqarish korxonasini barpo etish bilan bog‘liq tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni tinglab, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Barcha loyihalarni amalga oshirishda tezkorlik, samaradorlik va ochiqlikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.


