16.05.2026
Qadrli do‘stlar, aziz mehmonlar!
Avvalambor, xalqaro ot sporti musobaqasi yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ushbu tantanali marosimda ishtirok etayotgan barcha yurtdoshlarimiz va muhtaram mehmonlarimizni chin dildan qutlayman.
Musobaqalarda yuksak mahorat va jasorat, milliy an’analarga sadoqat namunasini namoyon etib, ulkan natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni samimiy tabriklaymiz.
Bugungi marosim azim poytaxtimizdagi muhtasham va fayzli “Ashxobod” bog‘ida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor. Ushbu go‘zal maskan nafaqat o‘zining betakror me’moriy qiyofasi, balki o‘zbekva turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mushtarak ma’naviy ildizlarning yorqin timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega.
Shu kunlarda mamlakatlarimiz vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar va uning g‘oliblarini sharaflashga bag‘ishlangan mazkur tantanali tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Azal-azaldan ozodlik, mardlik, sadoqat, matonat va nafosat timsoli bo‘lib kelgan otga mehr va e’tibor Markaziy Osiyo xalqlariga xos bo‘lgan olijanob fazilat hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ham qardosh ellarimiz ana shu bebaho merosni munosib davom ettirib, chavandozlik san’atini yanada yuqori bosqichga olib chiqayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xalqaro miqyosda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedov hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli mamlakat ulkan yutuqlarga erishmoqda, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.
Dunyo hamjamiyati Turkmanistonning tinchliksevar, konstruktiv siyosatini, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va madaniy merosni boyitish borasidagi muvaffaqiyatlarini yuksak e’tirof etmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, qadimiy axaltaka yilqichiligi an’analarini munosib davom ettirish, uning shon-shuhratini butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etish o‘rinli bo‘ladi.
Bugungi kunda axaltaka tulporlari nafaqat turkman xalqining milliy iftixori, balki butun mintaqamiz madaniy merosining noyob durdonasi sifatida qadrlanmoqda.
“Mustaqil betaraf Turkmaniston – maqsad sari intiluvchi qanotli tulporlar vatani”, deb e’lon qilingan joriy yilda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro anjumanlar, ilmiy forumlar va bayram tantanalari dunyo xalqlarining chavandozlik san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Yangi O‘zbekistonda ham milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ajdodlarimizdan meros noyob an’analarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, milliy sport turlarini rivojlantirish, ot sportini ommalashtirish, nasldor yilqichilikni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mohir chavandozlar, tajribali sayislar va fidoyi mutaxassislarimiz bu sohadagi milliy maktablarning shon-shuhratini yuksaltirish, yosh avlodni azmu shijoat, vatanparvarlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Biz kelgusida ham davlatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, azaliy do‘stligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni safarbar etamiz.
Fursatdan foydalanib, musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbek–turkman do‘stligi doimo bardavom bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


