21.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Feridun Sinirlioʻgʻluni qabul qildi.
Uchrashuvda YXHT bilan iqtisodiy-ekologik, siyosiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq va konstruktiv muloqot yuksak darajaga chiqqani, Oʻzbekistonning YXHT va uning tizimidagi institutlar bilan hamkorligi izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot rahbariyati Oʻzbekistonga tashriflarni muntazam amalga oshirmoqda, YXHT DIIHB missiyalari mamlakatimizda saylov jarayonlarini monitoring qilishda faol ishtirok etmoqda.
Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish, gender tenglikni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning natijalari alohida qayd etildi.
Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda “yashil” kun tartibini ilgari surish kabi ustuvor yoʻnalishlarda ham hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini taʼkidladilar.
Hamkorlik boʻyicha yangi “yoʻl xaritasi”ni tayyorlab, Oʻzbekistonda va YXHT doirasida bir qator qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.


