22.05.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari, murabbiylar shtabi, soha faxriylari va sport jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari terma jamoaning AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida oʻtadigan jahon chempionatiga yoʻllanma olgani xalqimiz uchun tarixiy voqea boʻlganini taʼkidladi.
Futbol muxlislarimiz bu kunni 34 yil kutdi. Milliy terma jamoa aʼzolari har bir oʻyinga yuksak masʼuliyat, vatanparvarlik ruhi va gʻalabaga ishonch bilan maydonga tushib, mamlakatimiz futbol tarixida yangi sahifa ochdi.
Prezidentimiz futbolchilar, ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalari, ustoz va murabbiylarga minnatdorlik bildirdi.
– Futbolchilarimizni Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi. Ular xalqimizga olam-olam quvonch bagʻishladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda milliy terma jamoaning muvaffaqiyati nafaqat sport sohasi, balki butun jamiyat hayotida katta ruhiy koʻtarinkilik uygʻotgani qayd etildi. Bugun futbolchilar yoshlar uchun haqiqiy namunaga aylandi, sportga qiziqish yanada ortdi, adabiyot va sanʼat ahli, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu tarixiy natijadan ilhom olmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. 1,5 mingdan ortiq mahallada sport maydonchalari qurildi. Poytaxtimizda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiqda Milliy futbol markazi ishga tushirildi. Har bir viloyatda professional futbol akademiyasi va futbol maktablari tashkil qilindi.
Bu ishlar natijasida havaskor futbolchilar soni 5 millionga yetdi. Futbol bilan muntazam shugʻullanuvchilar 1 million 300 mingdan oshdi, professional futbolchilar 17 ming nafarga yetdi.
Davlatimiz rahbari futbolda ochiq va shaffof tizim yaratilgani, korrupsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga barham berilishi iqtidorli yoshlarni katta maydonga olib chiqqanini taʼkidladi.
Uchrashuvda futbolni mahallalargacha keng yoyish, uni yoshlar tarbiyasi, sogʻlom turmush tarzi, intizom va vatanparvarlik maktabiga aylantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu maqsadda “Har bir mahalla – futbol maydoni” dasturi boshlanishi belgilandi. Mazkur tashabbus umummilliy harakatga aylantiriladi.
Dastur doirasida “Mahalla ligasi” tashkil etilib, 12-17 yoshli oʻgʻil-qizlar oʻrtasida mahalla futbol jamoalari tuziladi. Har yili havaskor futbolchilar ishtirokida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlaridan iborat musobaqalar oʻtkaziladi.
Taʼkidlanganidek, “Mahalla ligasi” eng yaxshi iqtidorlarni saralashda professional klublar uchun muhim baza boʻlib xizmat qiladi. Har bir bolaga oʻz mahallasida futbol bilan shugʻullanish, musobaqalarda ishtirok etish va isteʼdodini namoyon qilish imkoniyati yaratiladi.
Uchrashuvda milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi faoliyati ham alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Fabio Kannavaroni jahon futbolida katta tajribaga ega mutaxassis sifatida taʼrifladi. U 2006-yilda Italiya terma jamoasi sardori sifatida jahon chempioni boʻlgan, oʻsha yili dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb eʼtirof etilib, “Oltin toʻp” sovrinini qo‘lga kiritgan.
Qayd etilganidek, murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi, intizomi, taktik yondashuvi va har bir detalga masʼuliyat bilan qarash boʻyicha yangi talablarni joriy etmoqda. Jamoa oʻyinida toʻgʻri pozitsiya tanlash, yuqori pressing, toʻp nazorati va tezkor qarshi hujumlar kabi zamonaviy futbol elementlari kuchaymoqda.
Prezidentimiz Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga muvaffaqiyat tiladi.
Davlatimiz rahbari jahon chempionatida oson oʻyin boʻlmasligini, milliy terma jamoa Portugaliya, Kolumbiya va Kongo kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushishini taʼkidladi. Shu bilan birga, futbolchilarimiz allaqachon tarix yaratgani, endi ular muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, bor kuch-gʻayrati bilan Vatan sharafini munosib himoya qilishi zarurligi qayd etildi.
Mundial oʻyinlarida fan-klublar, minglab futbol muxlislari va Amerikadagi vatandoshlarimiz stadionlarda jamoamizni qoʻllab-quvvatlaydi.
– El-yurtimiz sizlarga ishonadi, Prezident sizlarga ishonadi. Boringlar, mardonavor oʻynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar, – dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuv samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtdi. Milliy terma jamoaga jahon chempionatida munosib ishtirok etish, yangi zafarlar va omad tilab qolindi.


