25.05.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejamkorligini taʼminlash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda.
Xususan, yurtimizdagi 150 ming kilometr daryo va kanal oʻzanlarini betonlash ishlarining boshlangani natijasida yiliga 1,3 milliard kub metr suv tejalmoqda. Bu Navoiy viloyatining bir yillik suv isteʼmoliga teng. Shu kunga qadar 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirildi, 721 kilometr kanal, 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Ushbu maqsadlarga 3 trillion soʻm ajratildi. Natijada 858 ming gektarda suv taʼminoti yaxshilanib, 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.
Yigʻilishda suv infratuzilmasini nafaqat texnik obyekt, balki iqtisodiy aktiv sifatida koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Bugun dunyoda daryo, kanal, suv omborlari va koʻllar boʻyida turizm, dam olish, xizmat koʻrsatish va tadbirkorlik hududlarini tashkil etish katta iqtisodiy yoʻnalishga aylangan.
Bunday loyihalar koʻchmas mulk va yer uchastkalari qiymatini oshirish, tuman va shaharlar iqtisodiyotini jonlantirish, ichki turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.
Jahon tajribasida suv infratuzilmasi atrofidagi turizm loyihalariga kiritilgan 1 dollar sarmoyaning iqtisodiy qaytimi 3-10 dollar atrofida baholanadi.
Shu bois, mutasaddilar va hokimlar suv infratuzilmasini iqtisodiy samara beradigan loyihalarga aylantirish ustida tizimli ishlashi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun qator yangi imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, qirgʻoqlar yuvilishi va suv bosishiga sabab boʻlayotgan qum-shagʻalni qazib olishga ruxsat beriladi. Suv va sel-suv omborlari, kanal, kollektor, tabiiy koʻl va gidrotexnika inshootlarini tuproqdan tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinadi. Suv va sel-suv omborlarida suvdan boʻshagan yerlar ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga beriladi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda mazkur imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Suv fondiga tegishli uchastkalarda tadbirkorlik, turistik va koʻngilochar obyektlar qurish imkoniyati boʻlgan 100 ming gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholining bandligini taʼminlab, yiliga 220 milliard soʻm qoʻshimcha daromad manbaini yaratish mumkin.
Mutasaddilarga suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish boʻyicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Kosmik tadqiqotlar agentligiga daryo oʻzanlari va suv xoʻjaligi obyektlaridan qazib olinadigan qum-shagʻal hajmini aniq hisoblash va tegishli idoralarga taqdim etish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi.
Iqlim oʻzgarishi tufayli soʻnggi yillarda qisqa vaqtda kuchli yomgʻirlar koʻpaymoqda. Bu esa sel-toshqinlar xavfini oshirmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarining togʻli va togʻoldi hududlarida sel xavfi yuqori hisoblanadi.
Sel-toshqinlar infratuzilma va qishloq xoʻjaligigagina emas, balki sanoat, sugʻurta, logistika va tashqi savdoga ham zarar yetkazadi. Qolaversa, sel suvlari xavf manbai boʻlish bilan birga suv zaxiralarini toʻldirish uchun ham katta imkoniyatdir.
Mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv taʼminotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi taʼkidlandi.
Shu bois, sel suvlarini boshqarishda faqat toʻgʻon qurish bilan cheklanmasdan, integral yondashuvni ham joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunda sel xavfini kamaytirish, suvni toʻplash, qishloq xoʻjaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bogʻliq loyihalarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, sel-toshqin xavflarini kamaytirish, suv zaxiralaridan samarali foydalanish va mazkur yoʻnalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.


