icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Global ekologik jamgʻarmaning sakkizinchi assambleyasi ishtirokchilariga

04.06.2026

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli assambleya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni asrlar davomida Sharq va Gʻarbni, turli madaniyat va sivilizatsiyalarni, ilm-fan va amaliy bilimlarni bogʻlab kelgan qadimiy Samarqand shahrida samimiy qutlash biz uchun ulkan sharafdir.

Bugungi yigʻilish 5-iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni arafasida oʻtayotgani alohida ramziy maʼnoga ega. Shu munosabat bilan anjuman ishtirokchilarini ushbu muhim sana bilan chin dildan tabriklayman.

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, bugungi kunda insoniyat misli koʻrilmagan inqirozlar – iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillikning yoʻqolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelmoqda.

Bu kabi muammolarni hal etishda Global ekologik jamgʻarma alohida oʻrin egallab kelmoqda. 186 ta davlatni birlashtirgan ushbu noyob global hamkorlik platformasi hozirga qadar 170 milliard AQSh dollaridan ziyod mablagʻni ekologik loyihalar uchun safarbar etgani tahsinga sazovordir.

Ming afsuski, iqlim oʻzgarishi oqibatida yuzaga kelgan choʻllanish, yer degradatsiyasi, muzliklarning erishi va suv tanqisligi Markaziy Osiyo uchun asosiy tahdid boʻlib qolmoqda. Jahon banki tahliliga koʻra, mintaqamizda qariyb 37 million kishi suv tanqisligi kuchli boʻlgan hududlarda yashamoqda va 2050-yilga borib, bu koʻrsatkich 75 millionga yetishi mumkin.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Yangi Oʻzbekiston mavjud muammolar koʻlamiga qaramay, ekologik transformatsiyani yangi taraqqiyot modeli sifatida koʻrmoqda. Shu bois, biz tizimli loyiha boshqaruviga oʻtib, atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillik, chiqindilarni boshqarish, koʻkalamzorlashtirish, ekologik taʼlim va madaniyatni qamrab olgan beshta milliy loyihani amalga oshirmoqdamiz.

Mazkur tashabbuslar doirasida 2030-yilga qadar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini respublika hududining 21 foizigacha kengaytirish, havoga zararli tashlamalarni 10,5 foizga qisqartirish hamda har bir hududda dendrologiya va botanika bogʻlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish boʻyicha joriy yilda 2 ta, kelgusi ikki yilda yana 9 ta zavodni ishga tushirish belgilangan, ular yiliga 5,5 million tonna chiqindini qayta ishlash orqali 1,1 million tonna issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirishga yordam beradi.

Mamlakatimizda ekologik taʼlim va ilm-fanning yagona ekotizimi shakllantirilib, “Green University” negizida 10 ta ilmiy-tadqiqot instituti va markaz hamda 14 ta “yashil” texnikum birlashtirildi, qariyb 2 million yoshning ekologik savodxonligini oshirish jarayoni boshlab yuborildi.

Biz oʻtgan asrda yuz bergan Orol fojiasiga yangicha yondashib, uning oqibatlarini bartaraf etish, Orolboʻyi hududini tiklanish, ilm-fan va innovatsiyalar maydoniga aylantirish yoʻlida 2 million gektardan ortiq unumdorligini yoʻqotgan yerlarni qayta tiklamoqdamiz.

Mintaqaviy saʼy-harakatlarni birlashtirish va amaliy yechimlarni joriy etish maqsadida “Eco Expo Central Asia” platformasi yoʻlga qoʻyildi, u hududlar va sanoatdagi ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarga moliyaviy resurslar va “yashil” yechimlarni jalb etishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, Sizlarni tashkil etilgan koʻrgazmaga taklif qilaman. Yashil loyihalarimiz manfaatli kelishuvlarga asos boʻladi degan umiddaman.

Qadrli doʻstlar!

Albatta, iqlim oʻzgarishining tobora kuchayib borayotgan salbiy taʼsiri bizdan tezkor amaliy qadamlarni talab qilmoqda. Assambleya doirasida bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqchimiz va ularni hayotga tatbiq etishda Sizlarning qoʻllab-quvvatlashingiz biz uchun muhim ahamiyatga ega.

Birinchidan. Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb eʼlon qilishni taklif etamiz.

Biz Samarqandni mintaqaviy “yashil iqtisodiyot”, barqaror rivojlanish va iqlim moliyasi markaziga aylantirishni, shaharni pilot “yashil hudud” sifatida rivojlantirishni hamda ushbu tajribani keyinchalik respublikaning boshqa shaharlariga ham tatbiq etishni maqsad qilganmiz.

Ikkinchidan. Bundan 600 yil muqaddam Mirzo Ulugʻbek Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgan boʻlsa, bugungi kunda Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti qoshida Ulugʻbek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.

Institut hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini yashil va barqaror rivojlanish asosida transformatsiya qilish, xalqaro ilmiy markazlar va moliya institutlarini jalb etish boʻyicha yetakchi ilmiy-tahliliy platforma boʻladi, uning strategik boshqaruvi esa Prezident huzuridagi Vasiylik kengashi orqali amalga oshiriladi.

Uchinchidan. Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Iqlim oʻzgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi tashkil etilmoqda.

Markaz gidrometeorologiya, erta ogohlantirish, glyatsiologiya, iqlim taʼsirini baholash va issiqxona gazlari monitoringini uygʻunlashtirib, iqlim prognozlari, modellashtirish, moslashuv va mitigatsiya dasturlari, mintaqaviy hamkorlik hamda WMO GAW va NASA AERONET dasturlarida ishtirok etish uchun institutsional zamin yaratadi.

Toʻrtinchidan. Yaqinda Qozogʻiston Prezidenti bilan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdik. Uning faoliyati “yashil” moliyani jalb etish, oʻrmon-melioratsiya, ilmiy tadqiqotlar, sanoatni ekologik modernizatsiya qilish hamda monitoring va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Mintaqaning barcha davlatlarini Konsorsium faoliyatiga qoʻshilishga taklif etamiz.

Beshinchidan. Choʻllanishga qarshi kurash instituti negizida Orolboʻyida choʻllanish oqibatlarini yumshatish, “yashil” qalqonlar barpo etish va iqlim moslashuviga qaratilgan “choʻl iqtisodiyoti” tashabbusini ilgari surib, uni GEFning ustuvor yoʻnalishlari bilan hamohang holda xalqaro moliyaviy hamda texnik koʻmak asosida amalga oshirishni taklif etamiz.

Oltinchidan. 2027-yilgi Toshkent investitsiya forumi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusida oʻtkazilib, uning doirasida “Eco Expo Central Asia” xalqaro koʻrgazmasi tashkil etiladi.

Forumda har bir hudud yashil investitsiyalarni jalb qilish uchun kamida 100 ta istiqbolli loyihani tayyorlab, investorlarga taqdim etadi.

Yana bir muhim tashabbusimizni eʼlon qilmoqchiman. Oʻzbekiston Global ekologik jamgʻarma donor mamlakatlari qatoriga qoʻshilishga tayyor. Biz Jamgʻarma Kengashi aʼzosi sifatida qoʻshma mintaqaviy tashabbuslarni amaliy qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilganmiz.

Bugun oʻz ishini boshlayotgan mazkur Assambleya ekologik hamkorlikning yangi mintaqaviy arxitekturasini shakllantirishda muhim maydonga aylanishiga qatʼiy ishonaman.

Anjuman ishiga ulkan muvaffaqiyatlar, barchangizga yangi yutuqlar va omad, oilaviy baxt-saodat va farovonlik tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo