09.06.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida togʻ-kon sanoati va geologiya tarmogʻi muhim oʻrin tutadi. 2025-yilda jami sanoat mahsulotining 20 foizi ushbu soha korxonalari hissasiga toʻgʻri keldi. Ularning budjetga tushumlari 118,5 trillion soʻmni tashkil etdi.
Shu bois, sohani texnologik transformatsiya qilish, ishlab chiqarish va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy raqamli yechimlarni keng tatbiq etish iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, investitsiyalarni koʻpaytirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda strategik ahamiyat kasb etadi.
Dunyoda “barqaror rivojlanish” va “raqamli geologiya” konsepsiyalari jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2025-yilda yirik togʻ-kon sanoati korxonalarida 7,3 trillion soʻm operatsion xarajatlar tejalib, mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaygan.
Shuningdek, “Geomonitoring” axborot tizimi joriy qilinib, 2 mingdan ortiq qazilma uchastkalariga oid maʼlumotlar raqamlashtirilgan.
Kelgusi besh yilda oltin zaxirasini qoʻshimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga, misni 676 ming tonnaga oshirish boʻyicha ishlar boshlangani qayd etildi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari geologik maʼlumotlarni tezkor tahlil qilish, qazilma boyliklarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burgʻilash ishlari samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shu maqsadda geologiya-qidiruv jarayonlarining barcha bosqichlariga sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz buning uchun sohada texnologik transformatsiyani yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini sunʼiy intellekt yordamida boshqarish va tahlil qilish tizimini shakllantirish zarurligini taʼkidladi.
Togʻ-kon sanoati va geologiyada xaritalar, qidiruv natijalari, burgʻilash maʼlumotlari, laboratoriya tahlillari va ishlab chiqarish koʻrsatkichlari kabi juda katta hajmdagi maʼlumotlar shakllanadi. Ularni yagona elektron bazaga jamlash, tezkor qidirish va 3D modellar orqali tahlil qilish yangi konlarni aniqlash imkoniyatini oshiradi.
Buning natijasida tannarxni 10 foizga kamaytirish, yangi konlarni ochish muddatini 2 karra qisqartirish, investorlarga taqdim etiladigan takliflar sonini 4 barobar oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Taqdimotda 2030-yilgacha geologiya va togʻ-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsad qilingani taʼkidlandi. Buning uchun, avvalo, investorlar talab qilayotgan sifatli va ishonchli raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish zarur.
Shu munosabat bilan Geologik maʼlumotlar milliy bazasini yaratish taklif qilindi. Mazkur jarayonda “Texnologik transformatsiya markazi” tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobotlar va birlamchi maʼlumotlar raqamli koʻrinishga oʻtkaziladi. Natijada geologik maʼlumotlarni shakllantirish, konlarni modellash va zaxiralarni hisoblash jarayoni 2 karra tezlashadi.
Taqdimotda 2026-2030-yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzbekkoʻmir” hamda “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati”da sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha jami 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Ushbu loyihalar besh asosiy yoʻnalishni qamrab oladi: ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat va sanoat xavfsizligini taʼminlash hamda kon-geologiya ishlarini raqamli transformatsiya qilish.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida operatsion samaradorlik 7 foizga, texnika va uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi esa 8 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, inson omili bilan bogʻliq xato va xavflar 15 foizga kamayishi mumkin.
Keyinchalik ushbu yechimlarni patentlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Mutasaddilarga togʻ-kon sanoati korxonalari biznes-rejalarini tuzishda ishlab chiqarish va mehnat resurslari samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlarni kiritish, texnologik va sunʼiy intellekt loyihalari boʻyicha alohida dasturlarni tasdiqlab borish topshirildi.


