icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Transport-logistika tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

01.07.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatimizning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonning Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi quruqlikdagi yirik transport xabiga aylanishi uchun keng imkoniyatlar mavjud. Mamlakatimiz hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yoʻlaklari oʻtadi, 4 ming 700 kilometr temir yoʻl tarmogʻi bor.

Toshkent shahri, Navoiy va Namanganda zamonaviy transport-logistika markazlari va “quruqlik portlari” rivojlanmoqda. Navoiy aeroporti Yevroosiyo havo yoʻlaklarida muhim kargo tuguni vazifasini bajarmoqda.

Shu bilan birga, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish, Transafgʻon temir yoʻli loyihasini jadallashtirish mamlakatimizning mintaqaviy va xalqaro transport tizimidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi.

Ushbu yirik loyihalar ishga tushishi natijasida Oʻzbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha boʻlgan eng qisqa quruqlik yoʻlagining asosiy boʻgʻiniga aylanadi. Mazkur yoʻnalish anʼanaviy yoʻnalishlarga nisbatan yuk tashish vaqtini 3 barobargacha qisqartirib, 8 kungacha tushirish imkonini beradi. Shuningdek, Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali Hind okeaniga, qariyb 2 milliard aholi yashaydigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun eng tezkor yoʻl ochiladi.

Taqdimotda mamlakatimizda bu boradagi imkoniyatlardan hali toʻliq foydalanilmayotgani qayd etildi.

Maʼlumki, Xitoy va Yevropa oʻrtasida yillik tovar aylanmasi 800 milliard dollarni, yuk tashish hajmi esa 120-150 million tonnani tashkil etadi. Agar Oʻzbekiston yiliga qoʻshimcha 15-20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qila olsa, 400-600 million dollar qoʻshimcha daromad, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya, 50 mingta barqaror ish oʻrni yaratish imkoniyati paydo boʻladi. Bu iqtisodiyot oʻsishiga qoʻshimcha 1,5-2 foizlik surʼat berishi mumkin.

Biroq hozircha Oʻzbekistonning ushbu tranzit aylanmasidagi ulushi 1-2 foizdan oshmayapti. 2025-yilda tranzit yuk tashish hajmi 15,3 million tonnani tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 54 foiz oʻsgan boʻlsa-da, mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.

Tahlillarga koʻra, chegara oʻtkazish punktlari koʻp boʻlishiga qaramay, ularning aksariyati xalqaro yuklarni tezkor qabul qilish va rasmiylashtirish quvvatiga ega emas. Mamlakatimizda xalqaro talabga mos 27 ta logistika markazi mavjud boʻlib, ularning umumiy quvvati 27,2 million tonnani tashkil etadi. Biroq faqat bittasi yuqori toifaga ega. Avtomatlashgan “A” toifadagi omborlar jami ehtiyojning 10-15 foizini qoplaydi, zamonaviy muzlatkichli va bojxona omborlari yetishmaydi.

Shuningdek, logistika markazlari asosan Toshkent shahri va uning atrofida joylashgani, konteynerlashtirish ulushi pastligi, davlat organlari va xususiy logistika markazlari oʻrtasida axborot tizimlari toʻliq integratsiya qilinmagani, sohada raqamlashtirish darajasi yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Taqdimotda Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyoʻl, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish taklif etildi.

Xonobod shahri “Xitoy yoʻli darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa, Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafgʻon hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron tranzit yo‘laklariga xizmat qiladi. Angren shahri, Yangiyoʻl va Ohangaron tumanlari tranzit va tashqi savdo yuklarini oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantiriladi.

Olot tumani “Oʻrta yoʻlak darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Yevropa hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron yoʻnalishlariga, Termiz tumani esa “Transafgʻon yoʻlagi darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafgʻon – Pokiston transport yoʻlagiga ixtisoslashadi.

Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 million dollarlik imtiyozli va kam foizli kredit liniyalarini yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda. Logistika markazlari uchun tashqi infratuzilma budjet hisobidan barpo etiladi.

Shuningdek, Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminali hamda avtoturargohlar qurish, Xonobod shahrida xalqaro temir yoʻl chegara oʻtkazish punktini barpo etish, Yangiyoʻl tumanidagi temir yoʻl stansiyasini kengaytirish, Ohangaron tumanida “A” toifadagi yirik logistika markazini qurish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Taqdimotda raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Logistika markazlarida terminallarni boshqarish va omborni boshqarish tizimini joriy etish, ularni “E-logistika” platformasiga integratsiya qilish, avtotransport vositalarini onlayn kuzatish, avtotransport raqamlarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi.

Chegara oʻtkazish punktlarida “yagona toʻxtash” (one stop) tamoyilini joriy qilish orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.

Sohada xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun logistika markazlariga zamonaviy uskunalar, omborxona va yuk ortish-tushirish texnikalari, agregat va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlash talablarini yengillashtirish taklif qilindi.

Prezidentimiz transport-logistika tizimi mamlakat eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi va hududlar rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Mutasaddilarga xalqaro transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmogʻini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo