03.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida Oʻzbekiston Prezidentining Gruziyaga yigirma yildan ortiq davrda birinchi marta amalga oshirilayotgan ushbu davlat tashrifi Oʻzbekiston – Gruziya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Barcha darajalardagi muloqotlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi faol aloqalarni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.
Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etdi, joriy yil boshidan buyon esa 100 million dollardan oshdi. Yaqin yillarda ushbu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish, savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish, sanoat koʻrgazmalarini oʻzaro oʻtkazish orqali ikki mamlakat oʻrtasida talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni yetkazib berish hajmini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ushbu muhim yoʻnalish salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish choralariga alohida eʼtibor qaratildi. Gruziyada logistika xabini, unda esa sanoat zonasi va Oʻzbekiston mahsulotlari uchun shourum tashkil etish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbari “Boku – Tbilisi – Kars” temir yoʻlining ishga tushirilganini olqishladi. Uni barpo etilayotgan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻl magistrali bilan bogʻlash masalasini oʻrganish taklif etildi.
Sanoat kooperatsiyasi hamkorlikning alohida ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi. Kuni kecha oʻtkazilgan qoʻshma biznes forumi natijalariga yuksak baho berildi. Uning yakunlari boʻyicha 2027-yilgacha moʻljallangan Kooperatsiya dasturi imzolandi.
Qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va energetika tarmoqlari, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va development, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, raqamli bank hamda turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Loyihaviy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar aloqalar faol kengaymoqda. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Gruziya tomoniga Tbilisidagi bogʻlardan biriga buyuk shoir Alisher Navoiy nomini berishga qaror qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Joriy yilda Oʻzbekistonda qoʻshma taʼlim va turizm forumlarini oʻtkazish rejalashtirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Gruziyadagi elchixonasini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan qoʻshma “yoʻl xaritasi” tayyorlanadi.


