21.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yil boshidan mamlakatimiz iqtisodiyoti 8,5 foizga oʻsdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,7 foiz oʻsish taʼminlandi. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. “Fitch” va “Moodyʼs” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pogʻona yaxshiladi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy oʻsish zarurligini taʼkidladi. Buning uchun hudud va tarmoq rahbarlari mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solishi, har bir loyiha va har bir korxona boʻyicha aniq natijaga ishlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish, investitsiya, sanoat va eksport koʻrsatkichlari boʻyicha zaxiralar toʻliq safarbar etilmagani qayd etildi. Oylik, choraklik va yillik rejalarni bajarmagan rahbarlarga nisbatan masʼuliyat kuchaytirilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning ogʻirini yengil qilmasa, har qanday natija faqat “qogʻozdagi raqam” boʻlib qolishini taʼkidladi. Shu bois, joylarda infratuzilma, bandlik, tadbirkorlik va aholi daromadini oshirish boʻyicha ishlar mutlaqo yangi yondashuv asosida tashkil etiladi.
Yigʻilishda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada “Dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilinib, 2 mingta eng ogʻir mahallada ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boshlandi. Hokimlar ushbu mahallalarda elektr, gaz, yoʻl va suv masalalarini oʻz vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar boʻladi.
Bandlik tizimi ehtiyojmand aholini oʻqitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish boʻyicha hududma-hudud ishlaydi. Banklar va mahalla uyushmalari faoliyati ham qayta koʻrib chiqilib, keyingi uch oy ular uchun amaliy attestatsiya davri boʻlishi belgilandi. Mahallalarda obodlik, ozodalik va yashash madaniyatini yuksaltirish boʻyicha ham aniq vazifalar qoʻyildi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi. Hozir 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yoʻnalishda moliyaviy jarima qoʻllash vakolati borligi, 2024-2026-yillarda qariyb 3 trillion soʻmlik jarima qoʻllanilgani qayd etildi. Prezidentimiz jazo qoʻllovchi idoralar tadbirkorga avval imkoniyat berishi va toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻrganishi kerakligini taʼkidladi.
Tashqi bozorlarda raqobat kuchayib borayotgan bir paytda eksportchilar uchun toʻlov, yigʻim va ortiqcha xarajatlarni kamaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Barcha vazirlik va idoralarga tizimidagi byurokratiya, jarima, toʻlov va yigʻimlarni qisqartirish, biznes muhitini yanada yaxshilash boʻyicha takliflar kiritish topshirildi.
Sanoat va eksport koʻrsatkichlari ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Ayrim tuman va shaharlarda sanoat oʻsishi surʼati pasaygani, eksport boʻyicha kutilgan oʻzgarish boʻlmagani qayd etildi. Bosh vazirga natija koʻrsatmagan hokimlar faoliyatini koʻrib chiqish, toʻqqiz oy yakuniga qadar oʻzgarish boʻlmasa, masʼul rahbarlarga nisbatan qatʼiy chora koʻrish topshirildi.
Strategik korxonalar xarajatlari tahlilida ayrim yirik korxonalarda mahsulot tannarxi oshgani koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, energetika tarmoqlarida yoʻqotishlar yuqoriligi, elektr energiyasi va gaz taqsimotida samaradorlikni oshirish zarurligi taʼkidlandi. Yirik kompaniyalarning bozor qiymatini oshirish, IPO jarayonlariga tayyorlash va tashqi investorlar uchun jozibadorligini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
Soliq tushumlari yil boshidan 27 foizga koʻpayib, 130 trillion soʻmdan oshgan boʻlsa-da, qoʻshimcha tushum boʻyicha yillik reja yetarli darajada bajarilmayotgani tanqid qilindi.
Ishlab chiqarishni tiklash va xususiylashtirish boʻyicha ham muhim vazifalar belgilandi. Hozir ayrim toʻqimachilik korxonalari ishlamay turgani oqibatida 5 trillion soʻmlik mahsulot va 400 million dollarlik eksport imkoniyati boy berilayotgani aytildi. Yil boshidan 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxona ishlab chiqarishni 11 trillion soʻmga kamaytirgani ham tanqid qilindi.
Mutasaddilarga ishlamay turgan korxonalarni birma-bir tahlil qilib, ular faoliyatini tiklash topshirildi. Shuningdek, yangi xususiylashtirish dasturi doirasida 100 trillion soʻmlik koʻchmas mulk, yer maydonlari va davlat ulushlarini savdoga chiqarish, davlat aktivlarini olgan tadbirkorlar uchun toʻlov shartlarini yengillashtirish belgilandi.
Soʻnggi uch yilda 11 milliard dollarlik 509 ta eksportbop quvvat ishga tushirilgan boʻlsa-da, ularning 208 tasi hali eksportga chiqmagan. Agar ushbu korxonalar mahsulotining kamida 30-40 foizi tashqi bozorlarga yoʻnaltirilsa, qoʻshimcha 1,5-2 milliard dollar valyuta tushumi taʼminlanishi mumkin.
47 ta maxsus iqtisodiy zonaning 29 tasida yil boshidan buyon umuman eksport boʻlmagani ham tanqid qilindi. Mutasaddilarga “tezkor brigadalar” tashkil etib, eksportga chiqmagan korxonalar va maxsus iqtisodiy zonalarda sertifikat, aylanma mablagʻ, bozor va logistika bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal qilish topshirildi.
Milliy brendlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham vazifalar belgilandi. Soʻnggi ikki yilda bu yoʻnalishda 15,5 milliard soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatilgan. Lekin oʻz brendini roʻyxatdan oʻtkazgan mahalliy korxonalarning uchdan biri hali eksportga chiqmagan. Shu bois, mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va ularni demping hamda kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.
Tashqi savdo yuklarining 70 foizi temir yoʻl orqali tashilishi, biroq bu yoʻnalishda tadbirkorlardan eʼtirozlar koʻpligi qayd etildi. Yuk vagonlarining yetishmasligi, ayrim temir yoʻl liniyalarida yuklama yuqoriligi sababli logistikada qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Mutasaddilarga qoʻshimcha vagonlarni jalb qilish, temir yoʻl infratuzilmasi uchun Jahon bankidan 200 million dollar mablagʻ jalb etish boʻyicha kelishuvga erishish topshirildi.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham koʻrib chiqildi. Soʻnggi yillarda 52 ta tashrif davomida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Endi ushbu “yoʻl xaritalari” ijrosi Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qatʼiy nazorat qilinadi.
Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birga loyihalar ijrosini davlatlar kesimida muhokama qilish topshirildi. Prezident Administratsiyasi oldiga iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport boʻyicha diplomatik vakolatxonalar faoliyatini qayta koʻrib chiqish, oʻz vazifasini bajara olmayotgan rahbarlar oʻrniga yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tavsiya etish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda inflyatsiyani jilovlash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi. Viloyat hokimlari yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikni maqsad qilgan boʻlsa-da, aksariyat hududlarda bu vazifa bajarilmagani qayd etildi. Goʻsht narxi oshgani munosabati bilan import goʻshtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard soʻm ajratilgani aytildi.
Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni koʻrsatib bergani taʼkidlandi. Chorvachilik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltiriladi, yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qoʻy-echki olib kelish vazifasi qoʻyildi.
Meva-sabzavot va kartoshka zaxirasini shakllantirish, sovitkichli omborlar qurish va oziq-ovqat jamgʻarmalarini toʻldirish boʻyicha ham aniq choralar belgilandi. Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari global iqtisodiyotdagi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini qayd etdi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik sekinlashayotgani mahalliy korxonalarimizga, ayniqsa, eksportchilarga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xatarni hisobga olgan holda oʻz zaxiralarini safarbar qilishga tayyor boʻlishi shartligi taʼkidlandi. Tarmoq va hududlarga biriktirilgan “aql markazlari” bilan birga 15-avgustgacha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.
Ushbu takliflar “resurs – infratuzilma – loyiha – ishlab chiqarish – budjetga tushum – eksport” zanjirini oʻzaro bogʻliq holda rivojlantirishga qaratilgan boʻladi. 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, budjet, investitsiya va eksport dasturlari yangicha yondashuv – “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanadi.
Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari, belgilangan topshiriqlar ijrosini joylarda tashkil etish bo‘yicha rejalari tinglandi.


