icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yoʻli qurilishiga start berildi

22.07.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumaniga tashrif buyurib, Toshkent – Samarqand yoʻnalishidagi pullik muqobil avtomobil yoʻli qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

Davlatimiz rahbari ushbu loyiha Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudrati va transport-logistika salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

– Bugun bu sohada tom maʼnoda yangi davr boshlanmoqda, desak, toʻgʻri boʻladi. Xalqimiz uchun taraqqiyot va farovonlik timsoli boʻlib xizmat qiladigan ushbu yirik loyihaning boshlanishi barchamizga muborak boʻlsin, – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti 3 karra oʻsdi. 2030-yilga borib uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa yoʻl-transport va logistika infratuzilmasini iqtisodiyotning oʻsish surʼatlariga muvofiq rivojlantirishni talab etadi.

Bugun Oʻzbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yoʻl oʻtadi. Ularning 30 foizi toʻliq quvvatda, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.

“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” va Transafgʻon temir yoʻllari ishga tushgach, mamlakatimiz Tinch okeanidan Yevropagacha boʻlgan eng qisqa quruqlik yoʻlagining asosiy boʻgʻiniga aylanadi. Pokiston portlari orqali Hind okeani va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ham yangi imkoniyatlar ochiladi.

Hisob-kitoblarga koʻra, yiliga qoʻshimcha 15-20 million tonna tranzit yukini qabul qilish 400-600 million dollar daromad, logistika markazlari va terminallar uchun 3 milliard dollar investitsiya hamda 50 mingta barqaror ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Shu maqsadda 2030-yilga qadar Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Termiz bilan Toshkentni bogʻlovchi 4 ming kilometr xalqaro yoʻllarni yuqori talablarga javob beradigan zamonaviy tranzit yoʻlaklarga aylantirish rejalashtirilgan. Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yoʻli ushbu strategik dasturning muhim qismi boʻladi.

Soʻnggi 10 yilda 78 trillion soʻm hisobidan 128 ming kilometr yoʻlda qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Endi mamlakatimizda ilk bor eng yuqori toifadagi zamonaviy avtomagistral barpo etilmoqda.

Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar boʻlgan olti polosali yoʻlning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi aholisi 2 milliondan ziyod boʻlgan 13 ta tuman orqali oʻtib, hududlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Loyiha doirasida 92 ta koʻprik, 28 ta yoʻl oʻtkazgich, 60 ta tunnel tipidagi oʻtish joyi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun yer osti yoʻlaklari va suv oʻtkazish inshootlari quriladi.

Yoʻl qoplamasi ogʻir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit betondan barpo etiladi. Tekis hududlarda harakat tezligi soatiga 150 kilometrgacha boʻlishi koʻzda tutilgan.

Zamonaviy xavfsizlik yechimlari, raqamli va innovatsion qulayliklar yoʻl-transport hodisalarini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.

– Ushbu loyiha ishga tushganidan soʻng uning afzalligini har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida, albatta, his qiladi. Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yangi avtomagistral sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini oʻtkazish imkoniga ega boʻladi. Tirbandliksiz va bir maromda harakatlanish energiya sarfi, amortizatsiya va texnik xarajatlarni kamaytiradi.

Hisob-kitoblarga koʻra, yuk tashish tannarxi 19-24 foizga pasayadi. Bu, ayniqsa, tez buziladigan meva-sabzavot, goʻsht, sut va boshqa mahsulotlarni bozorlarga qisqa muddatda va sifatli yetkazish imkoniyatini kengaytiradi.

Yangi yoʻl Fargʻona vodiysi va mamlakatimizning markaziy hududlarini janubiy hamda gʻarbiy viloyatlar bilan bogʻlashda muhim oʻrin tutadi. Shuningdek, xalqaro transport yoʻlaklari samaradorligini oshirib, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi transport-logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Jahon banki tahlillariga koʻra, bunday infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga 5 barobargacha samara keltiradi. Yangi yoʻl Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3 foizga oʻsishiga turtki berishi kutilmoqda.

Yoʻl boʻyida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari barpo etiladi. Bu yangi ish oʻrinlari, xizmatlar bozori va mahalliy budjetlar uchun qoʻshimcha daromad manbalarini yaratadi.

Qurilish jarayonida mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalaniladi. Bu mahalliy korxonalar uchun yirik buyurtmalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va qoʻshimcha ish oʻrinlari deganidir.

Toʻrtta hudud rahbarlariga “Yagona koridor – yagona standart” tamoyili asosida yer uchastkalarini ajratish, logistika, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini birgalikda rejalashtirish vazifasi qoʻyildi.

Avtomagistral Yevropa, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlarning ilgʻor tajribalari asosida loyihalashtirilgan. Birinchi bosqichda yoʻl xitoylik hamkorlar bilan EPC modeli asosida barpo etiladi, keyinchalik uni boshqarish, saqlash va ekspluatatsiya qilishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi.

Loyiha xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik standartlar asosida amalga oshirilib, 2030-yilda foydalanishga topshiriladi.

Davlatimiz rahbari mazkur loyiha mamlakatdagi yirik yoʻl qurilishi dasturining bir qismi ekanini taʼkidladi. Xiva – Urganch yoʻli qurilishi davom etmoqda, Toshkent – Andijon yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tender yakunlanish arafasida, Toshkentni Boʻstonliq bilan bogʻlovchi yoʻl uchun xususiy sherikni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

– Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik toʻyi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qoʻymoqdamiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari xitoylik hamkorlar, mahalliy va xorijiy mutaxassislar, muhandislar, loyihachilar va quruvchilarga muvaffaqiyat tilab, Oʻzbekiston tarixida ilk bor “yashil” va innovatsion yoʻl barpo etilayotganini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yoʻli poydevoriga kapsula qoʻyib, uning qurilishini boshlab berdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo