22.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizni mintaqaviy IT-xabga aylantirish ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Buning uchun davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda innovatsion ekotizimni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Soʻnggi yillarda yaratilgan qulay sharoitlar natijasida yurtimizda AT kompaniyalar, yuqori daromadli ish oʻrinlari va raqamli xizmatlar eksporti izchil koʻpaymoqda. Mazkur jarayonda zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yosh mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
“Cyber University” davlat universiteti Prezidentimizning 2025-yil 20-yanvardagi qaroriga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida mustaqil oliy taʼlim muassasasi sifatida tashkil etilgan.
Universitetda axborot va kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika hamda kiberiqtisodiyot sohalari uchun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda oliygohda 2 ta fakultet va 4 ta kafedra faoliyat yuritib, 8 ta bakalavriat hamda 2 ta magistratura yoʻnalishida qariyb 1 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Universitetda 1 ming 585 oʻrinli oʻquv binosi, 805 oʻrinli talabalar turar joyi, zamonaviy sport majmualari, oshxona va axborot-resurs markazi tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari universitetda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oliygohda tahsil olayotgan yoshlar bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.
– Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va har bir hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat taraqqiy etmaydi. Shuning uchun sizlar oʻz ustingizda tinimsiz ishlab, eng zamonaviy bilimlarni egallashingiz kerak, – dedi Prezidentimiz.
Universitet jamoasi xalqaro kiberxavfsizlik musobaqalari va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi xakatonlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Ekologik barqarorlik tamoyillari asosida shakllantirilgan oliygohga “Yashil kampus” maqomi berilgan.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev universitetga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy asos solgan algoritmlar bugun global iqtisodiyotning oʻzagi va insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganini taʼkidladi.
Hozirgi dunyoda raqobat yillar va oylar bilan emas, balki daqiqalar va soniyalar bilan oʻlchanmoqda. Raqamlashtirishni ortga surgan, sunʼiy intellektni oʻzlashtirmagan va innovatsiyalarga sarmoya kiritmagan davlatlar global taraqqiyotdan ortda qolishi qayd etildi.
– Hayotimizning barcha jabhalarini raqamlashtirish bilan jiddiy shugʻullanmasdan turib, rivojlanish mumkin emas. Busiz kelajagimiz yoʻqligini barchamiz teran anglashimiz kerak, – dedi Prezident.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilmoqda. Joriy yilda venchur investitsiyalar hajmi 5 barobar koʻpayib, oʻsish surʼati boʻyicha mamlakatimiz jahonda birinchi oʻringa koʻtarildi.
Oʻzbekistonning milliy startap ekotizimi qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Innovatsion gʻoyalarni ragʻbatlantirish maqsadida mukofot jamgʻarmasi 5 million dollar boʻlgan Prezident startap tanloviga start berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkilotining taʼsischilaridan biri boʻlib, bu boradagi global jarayonlarni shakllantirishda ishtirok etadigan davlatlar safidan joy oldi.
Umumiy maydoni 36 gektar boʻlgan markaz qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi. U taʼlim, ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim boʻladi.
Nurafshon shahrining tanlanishi bejiz emas. Bu yerdagi “Cyber University”da kiberxavfsizlik hamda axborot himoyasi sohalarida qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna boʻladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi.
Markazda kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yoʻnalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi.
Shuningdek, sunʼiy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuter hamda maʼlumot uzatish qurilmalari, yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi. Uchuvchisiz dron qurilmalari va robototexnika vositalarini sinovdan oʻtkazish uchun maxsus poligon faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Loyihalarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 5 megavattli energetika quvvatlari barpo etiladi.
Markazga yetakchi global kompaniyalar, universitetlar va olimlarni jalb qilish, talabalar va xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish koʻzda tutilgan.
Eng muhimi, mazkur innovatsion ekotizimda 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish oʻrni tashkil etiladi. Markaz Toshkent viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va hududning innovatsion salohiyatini yuksaltirishga katta turtki beradi.
Qayd etilganidek, joriy yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million dollarga yetishi kutilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish uchun Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham start berildi.
– Uzoqni koʻzlab, chin dildan amalga oshirayotgan ortga qaytmas islohotlarimiz Yangi Oʻzbekiston bunyodkori boʻlgan yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor boʻladi. “Raqamli Oʻzbekiston” kelgusi avlodlarga bizdan munosib meros boʻlib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur maskanni Toshkent viloyatining sunʼiy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish asosiy maqsad ekani taʼkidlandi.
Kelajak texnologiyalari markazida amalga oshiriladigan ilmiy ishlanmalar, texnologik yechimlar va kashfiyotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 465 million dollar boʻlgan 9 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berildi.
Ushbu yangi quvvatlar ishga tushishi natijasida yana 5 mingta ish oʻrni yaratiladi, aholining zamonaviy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy hamkorlar, mutaxassislar va quruvchilarga muvaffaqiyat tiladi.


