27.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasida bo‘ldi. Bu yerda shaharning keng ko‘lamli maketi va raqamli xaritasi asosida qurilishlarning umumiy borishi, yirik obyektlarning o‘zaro joylashuvi hamda navbatdagi bunyodkorlik rejalari haqida axborot berildi.
Transport va muhandislik infratuzilmasini qurilishlar bilan uyg‘un rivojlantirish, yashil hududlar va jamoat makonlarini o‘zaro bog‘lash, Yangi Toshkentni poytaxtning amaldagi hududi bilan uzviy bog‘lash masalalari ko‘rib chiqildi. Barcha loyihalarni yaxlit shaharsozlik konsepsiyasi asosida, yuqori sifat va me’moriy uyg‘unlikni ta’minlagan holda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Prezident Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Yangi Toshkentda barpo etilayotgan kampusini ko‘zdan kechirdi.
Majmua Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi doirasida bunyod etilmoqda. Ayni paytda rektorat va ayrim fakultetlar binolarida yakuniy qurilish va pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari binolarning ichki makonlari, o‘quv va ma’muriy xonalarning joylashuvi, muhandislik tarmoqlari hamda hududni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Mutasaddilar qurilishning borishi, binolarni jihozlash va kampusni foydalanishga tayyorlash choralari haqida axborot berdi.
Yangi kampus tarkibida o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, elektron kutubxona, talabalar turar joylari, sport va madaniyat inshootlari bo‘ladi. Bu yerda ta’lim, ilmiy tadqiqot va talabalar hayotini bir makonda uyg‘unlashtirgan yaxlit muhit yaratiladi.
Universitetda xalqaro ta’lim standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish, boshqaruv tizimini «Yangi O‘zbekiston» universiteti tajribasi asosida transformatsiya qilish rejalashtirilgan. O‘quv jarayonlarini zamonaviy raqamli platformalar orqali boshqarish ko‘zda tutilgan.
Keyin davlatimiz rahbari Yangi Toshkentda barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosidagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur obyekt yangi shaharning asosiy ilm-fan va ma’rifat maskanlaridan biri sifatida bunyod etilmoqda. Yangi Toshkent qurilishi, avvalo, ta’lim va ma’rifat obyektlaridan boshlangan bo‘lib, Milliy kutubxona ushbu konsepsiyada muhim o‘rin tutadi.
Ayni paytda majmuada qurilish va pardozlash ishlarining 90 foizi bajarilgan. Kutubxonani joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan to‘rt qavatli bino bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uning me’moriy yechimida milliy an’analar va zamonaviy uslub uyg‘unlashtirilgan.
Kutubxonada kitob fondlarini saqlash, hisobga olish, ularning xavfsizligini ta’minlash va zararsizlantirish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi. Xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalaridan onlayn foydalanish imkoniyati ham yaratiladi.
Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘quv va tadqiqot muhiti, 300 o‘rinli kafe, galereya, sport va dam olish hududlari barpo etiladi. Shu tariqa, kutubxona kitobxonlik, ilmiy izlanish va madaniy-ma’rifiy muloqotni birlashtiradigan zamonaviy markazga aylanadi.
Prezidentimiz qurilish va jihozlash ishlarini sifatli yakunlash, kutubxona fondi, raqamli xizmatlar hamda foydalanuvchilar uchun yaratiladigan sharoitlarni o‘zaro uyg‘un holda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tashrifning navbatdagi manzili «Yangi O‘zbekiston» universitetining yangi kampusi bo‘ldi.
Ellik gektar maydonda barpo etilayotgan majmua 10 ming nafar talabaga mo‘ljallangan. Unda fakultetlar va rektorat binolari bilan birga kutubxona, muzey, ko‘rgazma va multimedia zallari, sport majmuasi, suzish havzasi hamda talabalar turar joylari joylashadi.
Yangi kampusda ta’lim, ilmiy tadqiqot, innovatsiya va talabalar hayotini yagona muhitda uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qayd etilganidek, ushbu ta’lim va ma’rifat maskanlari Yangi Toshkentda zamonaviy ilm-fan va ta’lim muhitini shakllantirib, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu arena qurilishi 2025-yil noyabr oyida boshlangan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan.
Stadion 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenasi sifatida xizmat qiladi. Bu yerda musobaqaning yarim final va final uchrashuvlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Olti qavatli sport majmuasi FIFAning barcha talablariga muvofiq barpo etilmoqda. Unda sportchilar, muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Tomoshabinlarning qulay harakatlanishi uchun 10 dan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Stadion hududida uchta mashg‘ulot maydoni va 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi. Arena yaqinida metro bekati ham barpo qilinadi.
Inshootning me’moriy qiyofasida zamonaviy uslub va milliy an’analar uyg‘unlashtirilgan. Qurilishda «yashil energiya», «aqlli boshqaruv» va ekologik barqarorlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur arena yirik xalqaro musobaqalarni qabul qilish bilan birga, yoshlar sportini rivojlantirish, professional futbolchilar tayyorlash va mamlakatda zamonaviy sport infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini belgilangan muddatda va yuqori sifat bilan yakunlash, stadionni transport tizimi hamda Yangi Toshkentning umumiy shaharsozlik muhiti bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


