28.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi qozonxonani kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror issiqlik bilan taʼminlash, tizimda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish – muhim vazifa.
Bugungi kunda Nukus shahridagi 47 ta koʻp qavatli uy markaziy isitish tizimiga ulangan, yana 270 ta uy lokal isitish tizimidan foydalanmoqda. Qolgan koʻp qavatli uylardagi xonadonlar turli qoʻlbola isitish vositalari orqali isitilmoqda. Bunday vositalar koʻp energiya sarflashi bilan birga odamlar salomatligi va hayoti uchun ham jiddiy xavf tugʻdiradi.
Shahardagi mavjud markaziy qozonxona 1976-yilda qurilgan boʻlib, hozirda asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat koʻrsatmoqda. Uning uskunalari maʼnan va jismonan eskirgan, energiya samaradorligi esa past.
Hozirgi qozonxonada 1 gigakaloriya issiqlik ishlab chiqarish uchun qariyb 153 kub metr tabiiy gaz va 30 kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanmoqda. Uning amaldagi quvvati soatiga atigi 1,6 gigakaloriyani tashkil etadi.
Taqdimotda ushbu qozonxonani davlat-xususiy sheriklik asosida kogeneratsiya texnologiyalari bilan modernizatsiya qilish loyihasi koʻrib chiqildi.
Kogeneratsiya texnologiyasi bitta yoqilgʻi manbaidan bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlari va atrof-muhitga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy majmua barpo etiladi.
Shuningdek, 28 kilometr issiqlik tarmogʻi tortilib, 189 ta individual issiqlik punkti oʻrnatiladi. Koʻp qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarning ichki isitish tizimlari tiklanadi, zarur gaz va elektr infratuzilmasi yangilanadi.
Birinchi bosqichda 136 ta koʻp qavatli uydagi qariyb 6 ming xonadon, yaʼni 23 ming nafar aholi hamda 40 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olinadi. Keyingi bosqichlarda Nukus shahridagi barcha koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini markazlashgan issiqlik tizimiga ulash koʻzda tutilgan.
Loyihaning dastlabki bosqichiga 20 million dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilinib, majmuani 2028-yil fevral oyida toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Modernizatsiya natijasida qozonxonaning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan 91 foizga oshadi. Issiqlik ishlab chiqarish hajmi bir necha oʻn barobar koʻpayib, yiliga 172 ming megavatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Yiliga 12,2 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi ham sezilarli qisqaradi.
Yangi majmuada 19 ta ish oʻrni yaratiladi. Soha xodimlarining zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va uskunalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha malakasi oshiriladi.
Davlatimiz rahbari loyihani amalga oshirishda, eng avvalo, aholi uchun barqaror, xavfsiz va sifatli issiqlik taʼminotini yaratish, qurilish ishlarini belgilangan muddatda va yuqori sifatda bajarish zarurligini taʼkidladi.
Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish va barcha infratuzilma masalalarini oʻz vaqtida hal qilish boʻyicha masʼullarga aniq vazifalar qoʻyildi.
Shuningdek, Nukus shahridagi mazkur tajriba asosida keyinchalik Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon shaharlaridagi qozonxonalarni ham kogeneratsiya va trigeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.


