06.08.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyevga energetika tarmogʻi oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berildi.
Joriy yil 27-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi ustuvor masalalar boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda sohadagi boshqaruv, joylarda elektr va gaz taʼminoti barqarorligi, avariyalar hamda energiya yoʻqotishlarini qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, elektr va gaz taʼminoti bilan bogʻliq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish, hududlarning energiya isteʼmoli balansini shakllantirish, tarmoqlar va uskunalarni xatlovdan oʻtkazish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni keng joriy etish boʻyicha vazifalar belgilangan edi.
Taqdimotda Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Oʻzenergoinspeksiya yangi rahbariyatining mazkur topshiriqlar ijrosini tashkil etish borasida olib borayotgan ishlari hamda kelgusi rejalari koʻrib chiqildi.
Jumladan, hozirda Yangiyoʻl tumanida elektr va gaz taʼminotini yaxshilash boʻyicha maxsus shtab faoliyat yuritmoqda. U yerda tadbirkorlar va aholi bilan ochiq muloqotlar oʻtkazilib, uzilishlar, quvvat yetishmasligi, gaz bosimining pasayishi, texnik shartlar olish va qarzdorlik bilan bogʻliq murojaatlar bevosita oʻrganilmoqda.
Yangiyoʻl tumani tajribasi asosida boshqa 13 ta tumanda ham ushbu yondashuvdagi namunaviy tizim yaratib, keyinchalik uni boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonlarining qonuniyligi va shaffofligini taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish choralari kuchaytirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida muammoli tarmoqlar va uskunalarni yangilash, energiya yoʻqotishlarini kamaytirish, energiya samaradorligi choralarini koʻrish, avariyaviy uzilishlar sabablarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, soha xodimlariga vazifalarni elektron tizim orqali yetkazish, ijrosini nazorat qilish va faoliyat samaradorligini aniq koʻrsatkichlar asosida baholash mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifalari yuklatildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari”ga joylarda elektr taʼminoti barqarorligini oshirish, infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash topshirildi.
Oʻzenergoinspeksiya zimmasiga energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik talablarga rioya etilishini taʼminlash, yoʻqotishlarni qisqartirish va yirik isteʼmolchilarni energiya auditidan oʻtkazishni jadallashtirish vazifalari qoʻyildi.
Tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan mahallalarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz taʼminotiga xususiy sektorni keng jalb qilish, sohadagi jarayonlarning monitoringini yuritishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari barcha choralarni manzilli va aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirish, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va gaz bilan barqaror taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


