icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi gʻoliblariga

08.08.2026

Aziz farzandlarim!

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Mamlakatimizda Prezident sovrini uchun ilk bor oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovida erishgan yutuqlaringiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Vatanimizning bugungi shiddatli taraqqiyoti, hayotimizga kirib kelayotgan raqamli iqtisodiyot, zamonaviy korxonalar oʻz ishining ustasi boʻlgan, raqobatbardosh kasb egalarini tayyorlash va ragʻbatlantirishni talab etmoqda.

Biz ana shu oʻtkir zaruratni hisobga olib hamda azaldan ilm va hunar egalarini eʼzozlab keladigan xalqimizning ezgu anʼanalarini rivojlantirish maqsadida mazkur milliy tanlovni tashkil etdik. Kasb-hunar sirlarini chuqur egallagan, puxta bilim va yuqori koʻnikmaga ega, oʻz sohasida yangilik yarata oladigan sizlar kabi navqiron yoshlarimizning bugungi erishgan natijalari bu qarorimiz naqadar toʻgʻri boʻlganini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Darhaqiqat, uch bosqichda oʻtgan ushbu nufuzli tanlovda minglab yoshlar katta qiziqish va ishtiyoq bilan faol ishtirok etdi. Ayniqsa, tanlovning dastlabki – tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod oʻgʻil-qizlarimiz oʻz isteʼdod va qobiliyatlarini namoyon etganlari barchamizni quvontiradi. Keyingi – hududiy bosqichda qatnashgan qariyb 7 ming nafar ishtirokchining 3 ming 500 nafari oʻzini oʻzi band qilgan mahalla yoshlari ekani eʼtiborlidir.

Yana bir muhim jihati – mazkur tanlov koʻplab maktab bitiruvchilarining shaxsiy hayotida yangi sahifa ochgani, yaʼni 22 ming nafar yigit-qiz uchun ishlash, taʼlim olish yoki mehnat bozorida oʻz oʻrnini topish imkoniyati paydo boʻlganini taʼkidlash lozim. Xususan, mahalliy korxona va tashkilotlar tomonidan boʻsh ish oʻrinlari taqdimoti oʻtkazilib, zarur kasbiy bilim va mahoratga ega boʻlsa-da, hozircha ish topolmay yurgan qariyb 8 ming 900 nafar qatnashchiga ishlash uchun yoʻllanmalar berildi. Taʼlim olish istagini bildirgan 4 ming 470 nafar ishtirokchi texnikumlarda oʻqish uchun tavsiya etildi. Chet elda ishlashni rejalashtirayotgan salkam 8 ming 340 nafar yoshlar xorijiy ish beruvchilar tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarga yoʻnaltirildi.

Tanlov yakuniga koʻra, oʻnta kasb yoʻnalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi gʻolib va sovrindor deb topildi. Bugungi marosimda tanlovning maxsus mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ana shu yoshlarimizni chin dildan tabriklayman.

Fursatdan foydalanib, ularga mustahkam tayanch boʻlib turgan mehribon va talabchan ustozlar, ota-onalar, ishlab chiqarish taʼlimi ustalari, amaliy mashgʻulot rahbarlari va ekspertlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Shuningdek, tanlovni yuqori saviyada tashkil etishga hissa qoʻshgan vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahallalar, ish beruvchi korxonalar, homiy va hamkor tashkilotlarga ham alohida tashakkur aytaman.

Aziz oʻgʻil-qizlarim!

Bugun oldimizda yanada masʼuliyatli vazifa turibdi. Tanlov gʻoliblari va yuqori natija koʻrsatgan ishtirokchilar orasidan Oʻzbekiston terma jamoasini shakllantirib, ularning kasb-hunar boʻyicha “WorldSkills International” xalqaro tanlovida munosib ishtirok etishi uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Shu maqsadda eng kuchli mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etamiz, jamoani zamonaviy uskunalar, oʻquv-mashq bazasi bilan taʼminlab, barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz.

Sizlar dunyodagi eng kuchli tengdoshlaringiz bilan munosib ravishda bellashib, mana shunday nufuzli kasbiy mahorat musobaqasida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarishingizga tilakdoshman.

Bu yoʻlda sizlarga yurtimiz tarixidagi goʻzal va betakror sivilizatsiya namunalarini yaratgan, ajoyib amaliy sanʼat asarlari bilan dunyoni hayratga solib kelayotgan qoʻligul usta va meʼmorlarimiz, mohir hunarmandlarimizning boy merosi, hozirgi kunda ularning anʼanalarini davom ettirib, zamon talablari asosida yangi bosqichga koʻtarayotgan kasb egalarining mahorat maktablari albatta kuch va ilhom beradi.

Men butun Oʻzbekiston yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: xalqimizning sizlarga boʻlgan yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlaning, yangi bilim hamda texnologiyalarni egallang, xorijiy tillarni oʻrganing va kasbingiz boʻyicha eng ilgʻor mutaxassis boʻlib yetishing!

Zero, yoshlikda olingan taʼlim va malaka bamisoli toshga oʻyilgan naqsh, kelajakdagi ulkan yutuqlar poydevoridir.

Sizlar oʻz mehnatingiz, bilim va koʻnikmalaringiz bilan nafaqat oilangiz va jamoangiz, balki jonajon mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshasiz, Yangi Oʻzbekistonni bunyod etadigan oltin avlod boʻlib, uning shuhratini dunyoga tarannum etasiz deb ishonaman.

Yuksak gʻalaba barchangizga muborak boʻlsin, aziz farzandlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo