01.09.2026
Hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich!
Hurmatli davlatlar va delegatsiyalar rahbarlari!
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarovga bugungi “ShHT plyus” majlisini oʻtkazish borasidagi tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Bugun biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining adolatli dunyo tartibotini shakllantirishdagi rolini muhokama qilmoqdamiz.
Dunyoda yuz berayotgan oʻzgarishlar sharoitida davlatlar va mintaqaviy birlashmalar global institutlarga ularning universal vazifasini yanada samarali amalga oshirishda qanday koʻmak berishi mumkinligini belgilab olish muhimdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻzining markaziy, muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa avvalo mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarga tayangan holda umumiy tamoyillar va qarorlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashish orqali uning saʼy-harakatlarini toʻldirishi lozim.
Aynan mana shunday uygʻunlikda biz hayotbaxsh koʻp tomonlamalikning asosini koʻrmoqdamiz.
Yangi dunyo tartiboti nafaqat xalqaro munosabatlar tizimidagi global kuchlar nisbatini mustahkamlashi, balki mintaqaviy muammolarning adolatli hal etilishiga ham xizmat qilishi lozim.
Bunday mantiqdan kelib chiqilganda, “ShHT plyus” formati Shanxay hamkorlik tashkilotining shunchaki kengaytirilgan majlisi doirasidan chiqib, alohida chuqur mazmun kasb etadi.
Mazkur muloqot maydoni davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtirishga qodir.
Bu yerda turli tashabbuslarni oʻzaro uygʻunlashtirish va global boshqaruv arxitekturasini shakllantirish boʻyicha muloqot olib borish zarur.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Oʻzbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori.
Biz uchun oʻzaro bogʻliqlik – strategik mustaqillik va barqarorlik masalasidir.
Biz shunday koʻp qutblilik tarafdorimizki, u yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydi, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradi, mintaqaviy loyihalar va tashabbuslar oʻzaro raqobatlashmaydi, balki bir-birini samarali toʻldiradi.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bir qator takliflarni ilgari surmoqchiman.
Avvalo, “ShHT plyus” formatini mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni muhim deb hisoblayman.
Barqaror oʻsish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, hammabop taʼlim va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash kabi aniq yoʻnalishlarga eʼtibor qaratishni taklif etaman.
Biz tajriba almashishni yanada kengaytirish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surishimiz zarur.
“ShHT plyus” mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmogʻini yaratish uchun platforma boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Asosiy vazifa – makromintaqamizda loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida ularning kotibiyatlari va ixtisoslashgan organlari oʻrtasida doimiy ishchi aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Shu bilan birga, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yanada faol foydalanish lozim.
Koʻplab davlatlar oʻxshash muammolarga duch kelmoqda. Biroq ular boʻyicha bir mintaqada muvaffaqiyatli qoʻllanilayotgan yechimlar koʻp hollarda boshqa mintaqalarda nomaʼlumligicha qolmoqda.
Tajriba almashish mexanizmi sifatida tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar va sogʻliqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirishni taklif etaman.
Makromintaqamizda keng koʻlamli iqtisodiy kooperatsiyani yanada rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Biznes barcha joyda bozorlarga kirish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, transchegaraviy yoʻlaklarning ishga tushirilishi va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimi koʻrinishida amaliy natijalarni his qilishi lozim.
Samaradorlikning ana shunday aniq koʻrsatkichlariga eʼtibor qaratib, “ShHT Invest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berishni taklif etaman.
Hurmatli hamkasblar!
Oʻtgan chorak asr davomida ShHT siyosiy tizimlari, madaniy anʼanalari va xalqaro jarayonlarga qarashlari turlicha boʻlgan davlatlar oʻrtasida hamkorlik boʻyicha noyob tajriba toʻpladi.
Ushbu keng koʻlamli almashinuvni rivojlantirish maqsadida “ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini taʼsis etishni taklif etaman.
Mazkur tadbirni BMTning manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda yurtimizda, ilm-fan va maʼrifatning qadimiy markazi boʻlgan Xiva shahrida oʻtkazishga tayyormiz.
Hurmatli doʻstlar!
Biz “ShHT plyus” formatida zamon taqozo etayotgan muloqot maydonini koʻrayotganimizni yana bir bor taʼkidlashga ijozat bergaysiz. Mamlakatlar va mintaqalar oʻrtasidagi mushtaraklik nuqtalari qanchalik koʻp boʻlsa, barqarorlik va oʻzaro ishonch uchun asos shunchalik mustahkam boʻladi.
Oʻzbekiston bundan buyon ham umumiy farovonlikni mustahkamlash va koʻp tomonlama sheriklikni rivojlantirishga salmoqli amaliy hissa qoʻshishga tayyor.


