01.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkek shahriga amaliy tashrifi yakunlandi.
Mamlakatimiz yetakchisi Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yigʻilishida ishtirok etgani tashrifning asosiy voqeasi boʻldi. Unda ShHTning 25 yillik taraqqiyot yoʻli sarhisob qilinib, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport aloqalari, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish, oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Yigʻilish yakunlari boʻyicha Bishkek deklaratsiyasi hamda asosiy yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim hujjatlar toʻplami qabul qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi BMTning adolatli koʻp qutbli dunyo tartibotini shakllantirishdagi roliga bagʻishlangan “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda nutq soʻzladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolish zarurligini taʼkidlab, “ShHT plyus”ni mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni taklif qildi.
Sammit doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Bishkekda davlatimiz rahbari rafiqasi bilan birga VI Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirlar yakunlangach, “Manas” xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Prezidenti va rafiqasini Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev va boshqa rasmiylar kuzatib qoʻydi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahriga qaytib keldi.


