13.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14-15-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Mamlakatimiz yetakchisi Boku shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etadi.
Ozarbayjon raisligida oʻtkaziladigan forum kun tartibidan Osiyo qitʼasida ishonch, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash hamda Kengashning institutsional rivojlanishini yanada takomillashtirishga oid dolzarb masalalar oʻrin olgan.
Transport bogʻliqligini rivojlantirish, raqamlashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsish va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqiladi.
Ishtirokchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Tadbir yakunlari boʻyicha Boku deklaratsiyasi hamda Tashkilotning roli va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar toʻplamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.
Taʼkidlash joiz, OHIChK Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro forum hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Kengash qitʼa hududi va aholisining qariyb 90 foizini tashkil etuvchi 28 ta davlatni birlashtirgan.


